Ochiq qabulda xalq dardi eshitildi
Aholi bilan yuzma-yuz muloqot — muammolarni joyida o‘rganish va ularga samarali yechim topishning muhim vositasi. Prezidentning Sirdaryo viloyatidagi Xalq qabulxonasida o‘tkazilgan viloyat hokimi Erkinjon Turdimovning navbatdagi ommaviy qabulida ham fuqarolarning murojaatlari atroflicha ko‘rib chiqildi.
Qabulga kelgan yurtdoshlar o‘zlarini qiynayotgan masalalar, hayotiy ehtiyojlari va takliflarini viloyat rahbariga bevosita bayon qilishdi. Muloqot davomida 120 dan ortiq fuqaro qabul qilinib, ularning murojaatlari atroflicha o‘rganildi.

Murojaatlarning hududiy qamrovi keng bo‘lib, ular viloyatning barcha shahar va tumanlarini qamrab oldi. Eng ko‘p murojaatlar Guliston shahri, Sirdaryo, Sayxunobod, Mirzaobod va Guliston tumanlari aholisidan kelib tushdi. Shuningdek, qo‘shni hududlardan kelgan fuqarolarning masalalari ham e’tibordan chetda qolmadi.

Qabulda asosan aholini bandlik bilan ta’minlash, yoshlarning ta’lim olishi va sport bilan shug‘ullanishi uchun sharoit yaratish, uy-joy masalalari, kadastr hujjatlarini rasmiylashtirish, ichimlik suvi ta’minoti, issiqlik tizimi va mahallalar infratuzilmasini yaxshilash kabi masalalar ko‘rib chiqildi.
Shuningdek, tadbirkorlikni rivojlantirish, imtiyozli kreditlardan foydalanish, ijtimoiy himoya, kommunal xizmatlar sifati va boshqa dolzarb masalalar yuzasidan bildirilgan murojaatlar ham muhokama qilindi.
Qabul jarayonida har bir murojaatga alohida yondashildi. Masalalarning ayrimlari joyidayoq hal etilgan bo‘lsa, qo‘shimcha o‘rganish talab etiladigan murojaatlar bo‘yicha tegishli boshqarma va tashkilotlar rahbarlariga aniq vazifalar yuklatildi. Ularning ijrosini ta’minlash uchun mas’ullar va muddatlar belgilandi.

Viloyat hokimi har bir murojaat ortida inson taqdiri, bir oilaning tashvishi va kelajakka bo‘lgan umidi mujassam ekanini ta’kidlab, aholi bilan ishlashda asosiy e’tibor natijaga qaratilishi lozimligini qayd etdi.

Bugungi kunda bunday ochiq muloqotlar fuqarolar bilan davlat idoralari o‘rtasidagi ishonchli ko‘prik vazifasini o‘tamoqda. Odamlarning muammosini eshitish, ularga amaliy yordam ko‘rsatish va hayot sifatini yaxshilashga qaratilgan ishlar Sirdaryo viloyatida ham izchil davom etmoqda.
G‘ulom Primov, O‘zA