“Xavfsiz va sog‘lom yurt” tezkor-profilaktik tadbirlari boshlandi
Samarqand viloyati ichki ishlar boshqarmasida Ichki ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari, general-mayor Botir Qudratxo‘jayev rahbarligida yig‘ilish o‘tkazildi.
Yig‘ilishda iyul oyida mamlakatimizda o‘tkazilayotgan “Xavfsiz va sog‘lom yurt” keng qamrovli tezkor-profilaktik oyligi doirasida jamoat tartibini saqlash, huquqbuzarlik va jinoyatchilikning oldini olish, kriminogen vaziyatni barqarorlashtirish, fuqarolarning hayoti va mol-mulki daxlsizligini ishonchli ta’minlash, profilaktik tadbirlar samaradorligini yanada oshirish masalalari muhokama qilindi. Shuningdek, sohaviy xizmatlar o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash hamda mavjud kuch va vositalardan samarali foydalanish masalalariga e’tibor qaratildi.

Tadbirda hududlarda huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish, jinoyatchilikka qarshi kurashish, aholi bilan manzilli ishlash va profilaktik tadbirlarni sifatli tashkil etish yuzasidan amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ustuvor vazifalar belgilab olindi.
Shundan so‘ng Ichki ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari boshchiligida ichki ishlar organlari va boshqa huquqni muhofaza qilish idoralari xodimlari uchun kengaytirilgan xizmat oldi yo‘riqnomasi o‘tkazildi.

Unda “Xavfsiz va sog‘lom yurt” tadbiri doirasida kuchaytirilgan tartibda xizmat olib borish, jamoat tartibini ishonchli saqlash, jinoyat va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish, fuqarolar bilan manzilli ishlash hamda hududlarda barqaror kriminogen vaziyatni ta’minlash bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Shuningdek, yoshlar o‘rtasida huquqbuzarliklarning oldini olish, giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va ularning noqonuniy aylanishiga qarshi kurashish, oilaviy zo‘ravonlik holatlarining barvaqt oldini olish, yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash, yo‘l-transport hodisalariga olib keluvchi omillarni bartaraf etish, noqonuniy migratsiya hamda boshqa turdagi huquqbuzarliklarga qarshi kurashish choralarini yanada kuchaytirish yuzasidan aniq vazifalar belgilab berildi.

Ayni paytda viloyat hududlarida oylik doirasidagi profilaktik tadbirlar amalga oshirilmoqda.
G‘.Hasanov, O‘zA muxbiri