Indoneziyaliklar “Umra+” dasturi asosida Samarqandni ziyorat qiladi
Tashrif bilan yurtimizda bo‘lib turgan Indoneziya Respublikasi Xalq maslahati kengashi raisi Ahmad Muzani boshchiligidagi delegatsiya bugun Samarqandda viloyat hokimi Adiz Boboyev bilan uchrashdi.
Muloqot chog‘ida o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada rivojlantirish, xususan, ziyorat turizmi yo‘nalishida aloqalarni kengaytirish masalalari atroflicha muhokama qilindi. Tomonlar indoneziyalik ziyoratchilarning Samarqandga safarlarini, ayniqsa, Imom Buxoriy majmuasiga tashrifini yanada samarali tashkil etish, bu borada tajriba almashish va hamkorlikni mustahkamlash yuzasidan fikr almashdi.
– Indoneziya bilan savdo-iqtisodiy hamkorlikni kuchaytirish, turizm sohasidagi aloqalarni yanada mustahkamlash ikki tomon uchun ham manfaatli bo‘lishi shubhasiz, – dedi A.Boboyev. – Xususan, “Umra+” dasturi asosida indoneziyalik musulmonlarning Samarqandga kelib, Imom Buxoriy va boshqa muqaddas qadamjolarimizni ziyorat qilishi tomonlar uchun birdek iqtisodiy samara beradi. Keyingi yillarda ta’lim va madaniyat sohalaridagi hamkorligimiz ham kengayib borayotganidan mamnunmiz. Bu boradagi aloqalarni istiqbolli yo‘nalishlarda izchil davom ettirishga tayyormiz.
Ahmad Muzani viloyat hokimi Adiz Boboyev boshchiligidagi viloyat delegatsiyasining yil avvalida Indoneziyaga tashrifi chog‘ida bildirgan taklifi asosida Samarqandga kelganini alohida ta’kidlab, ushbu qadimiy shaharda bo‘lib turganidan xursandligini bildirdi.
– O‘zbekistonga kelishdan avval uzoq muddatli sayohatimiz kunlarini qisqartirishni muhokama qilgan edik, lekin bugun bundan afsuslanib, keyingi tashrifimizni ko‘p kunlik qilishni rejalashtiryapmiz, – dedi Indoneziya Xalq maslahati kengashi raisi Ahmad Muzani. – Sayohatimiz qisqa bo‘lsa-da, samarali o‘tdi, o‘zaro hamkorligimizni kengaytirish borasida muhim kelishuvlarga erishdik. Jumladan, “Umra+” dasturi biz uchun ham o‘ta muhim. Aholimizning 244 millionini musulmonlar tashkil qiladi va ular uchun Samarqand yo‘nalishi qiziqarli bo‘lishi tabiiy. Shuning uchun biz bilan O‘zbekistonga kelgan diniy ulamolarimiz ziyorat turizmini amalga oshirish bo‘yicha shu soha mas’ullari bilan fikr almashyapti. Buning natijasi tez orada Samarqandda indonez restoranlari ko‘payishi, bozorlarda indonez tilida so‘zlashuvchilar soni ortishi bilan ham namoyon bo‘lishi shubhasiz.
Uchrashuvda iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish, xususan, to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviareyslarni amalga oshirish bo‘yicha takliflar bildirildi. Samarqand viloyati hokimi tez kunlarda samarqandlik tadbirkor tomonidan Indoneziyada milliy taomlar restorani ochilishini ma’lum qildi.
[gallery-30227]
Tashrif dasturi doirasida delegatsiya a’zolari Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida Samarqand viloyati diniy soha mas’ullari va ulamolar bilan uchrashuv o‘tkazdi. Imom Buxoriy majmuasini ziyorat qilib, juma namozini ushbu maskandagi masjidda ado etdi.
Indoneziya delegatsiyasi Samarqand viloyatining sanoat va investitsion salohiyati bilan yaqindan tanishish maqsadida yirik ishlab chiqarish zavodlari, meva-sabzavot mahsulotlarini qadoqlash va qayta ishlash korxonalarida ham bo‘ldi.
G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat), O‘zA muxbirlari