“Xavfsiz va sog‘lom yurt” kompleks tezkor-profilaktik tadbirlar oyligi boshlandi
Joriy yilning 1-iyulidan 31-iyuliga qadar mamlakatimiz hududida “Xavfsiz va sog‘lom yurt” kompleks tezkor-profilaktik tadbirlar oyligi o‘tkazilmoqda.
Mazkur tadbir jamoat xavfsizligini mustahkamlash, huquqbuzarlik va jinoyatchilikning oldini olish, aholi osoyishtaligini ta’minlash hamda fuqarolar o‘rtasida qonunga hurmat tuyg‘usini yanada kuchaytirishga qaratilgan.
Oylik munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri, general-leytenant Aziz Toshpo‘latov rahbarligida Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasida tezkor yig‘ilish o‘tkazildi.
Tadbir doirasida jinoyatchilikning oldini olish, yoshlar o‘rtasida huquqbuzarliklarni kamaytirish, giyohvandlik va psixotrop moddalarning noqonuniy aylanishiga qarshi kurashish, oilaviy zo‘ravonlik holatlarining oldini olish, yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash, yo‘l - transport hodisalariga olib keluvchi omillarni bartaraf etish, noqonuniy migratsiya va boshqa huquqbuzarliklarga qarshi choralarni kuchaytirish ishlarini amalga oshirish rejalashtirilgan.

Tadbirga tayyorgarlik yuzasidan axborot berganlar oylik davomida profilaktika inspektorlari, mahalla faollari, yoshlar yetakchilari hamda keng jamoatchilik vakillari bilan hamkorlikda mahallalarda manzilli ishlar olib borilishini qayd etdi.
Ayniqsa, xavf guruhiga kiruvchi shaxslar bilan manzilli ishlar olib borish, voyaga yetmaganlar nazoratsizligining oldini olish, fuqarolar murojaatlarini joyida hal etish, shuningdek, huquqiy targ‘ibot tadbirlarini tashkil etish masalalariga alohida e’tibor qaratilishini bayon qildi.
Shu bilan birga, alohida e’tibor axborot texnologiyalari sohasida sodir etilgan jinoyatlarning oldini olishga qaratiladi. Bu borada targ‘ibot tadbirlari nafaqat huquqni muhofaza qiluvchi organlar, balki barcha davlat tashkilotlari, fuqarolar yig‘inlari va keng jamoatchilikning hamkorligida amalga oshiriladi.

Tadbirlar davomida har bir mahalla, ta’lim muassasasi, ishlab chiqarish korxonasi va aholi gavjum joylarda profilaktik ishlar kuchaytirilib, fuqarolar xavfsizligiga tahdid soluvchi omillarni bartaraf etishga alohida e’tibor qaratiladi. Tadbir natijalarini ommaviy axborot vositalari hamda jamoatchilik orqali keng aholiga yetkazish masalalariga alohida e’tibor qaratilishi belgilandi.
Yig‘ilish yakunida mutasaddi rahbarlar va barcha mas’ullarga “Xavfsiz va sog‘lom yurt” kompleks tezkor-profilaktik tadbirlar oyligini yuqori saviyada tashkil etish, belgilangan chora-tadbirlarning har birini sifatli va o‘z vaqtida amalga oshirish, profilaktik ishlar samaradorligini oshirish, idoralararo hamkorlikni mustahkamlash hamda ijro intizomi ustidan doimiy nazorat o‘rnatish bo‘yicha aniq topshiriqlar berildi.
Toshkent shahri va Toshkent viloyati ichki ishlar bosh boshqarmalarining rahbarlari, barcha hududiy ichki ishlar organlari, sohaviy xizmatlar hamda huquqni muhofaza qilish organlarining mas’ullari ishtirok etgan tadbirda amalga oshirilgan ishlar va erishilgan natijalar yuzasidan muntazam ravishda tahlil qilib borish hamda aniqlangan kamchiliklarni zudlik bilan bartaraf etish vazifalari belgilandi.
Norgul Abduraimova,
O‘zA