Xalq mulkini o‘z manfaatlari yo‘lida sarflagan mansabdor shaxsga tayinlangan jazo kechirilmaydi
Bunday shaxslar tayinlangan jazoni to‘liq va hech qanday imtiyozlarsiz o‘tashi shart
2026-yil 23-iyunda “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga korrupsiyaga qarshi kurashish samaradorligini oshirishga, korrupsiyaga oid jinoyatlar uchun javobgarlik muqarrarligini ta’minlashga qaratilgan qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonun kuchga kirdi.
Qonun bilan qanday o‘zgarishlar amaliyotga kiritildi? Senatning Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi raisi Abdulhakim Eshmurodov bilan shu haqda suhbatlashdik.

– Prezidentimizning Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga Murojaatnomasida korrupsiya – davlat taraqqiyotiga to‘siq bo‘ladigan, adolat va qonun ustuvorligini izdan chiqaradigan jiddiy tahdid ekanligi qayd etilib, 2026-yilda bu illatga qarshi kurashish bo‘yicha “favqulodda holat” e’lon qilindi.
Shunga qaramay, ayrim sohalarda korrupsiya darajasi hamon yuqoriligicha qolayotgani bu boradagi ishlar samaradorligini yanada oshirishni talab etmoqda. Bu esa korrupsiyaga oid jinoyatlar uchun javobgarlikning muqarrarligini ta’minlash hamda yosh avlodning huquqiy ong va madaniyatini yuksaltirish zarurligini ko‘rsatmoqda.
Qonun mamlakatimizda huquqiy davlat asoslarini yanada mustahkamlash, fuqarolarning huquq va erkinliklarini jinoiy tajovuzlardan ishonchli himoya qilish hamda davlat boshqaruvi va iqtisodiy sohada qonun ustuvorligini ta’minlash yo‘lidagi strategik ahamiyatga ega bo‘lgan hujjat hisoblanadi.
– Qaysi qonun hujjatlariga o‘zgarishlar kiritildi va ular nimalardan iborat?
– Qonun 12 moddadan iborat bo‘lib, Jinoyat, Jinoyat-protsessual va Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodekslarga hamda “Yoshlarga oid davlat siyosati to‘g‘risida”, “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”, “O‘zbekiston Respublikasining Hisob palatasi to‘g‘risida”, “Maktabgacha ta’lim va tarbiya to‘g‘risida”, “Ta’lim to‘g‘risida”, “Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi qonunlarning qator moddalariga o‘zgartirish hamda qo‘shimchalar kiritildi.
Qonun bilan kiritilgan eng muhim o‘zgartirishlardan biri – Jinoyat kodeksining 73-moddasi, ya’ni jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilish institutiga tegishlidir.
Shu paytgacha amal qilgan tartibga ko‘ra, ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan, uncha og‘ir bo‘lmagan yoki og‘ir jinoyat sodir etgan mahkumlar qonunda belgilangan muayyan muddatlarni o‘tab, mehnatga halol munosabatda bo‘lganlarida jazodan muddatidan ilgari shartli ravishda ozod etilishi mumkin edi.
Yangi qonun bilan Jinoyat kodeksining 73-moddasi to‘rtinchi qismi yangi band bilan to‘ldirildi. Unga ko‘ra, korrupsiyaning eng xavfli va jamiyat ildiziga bolta uruvchi jinoyatlari, shuningdek, takroran yoki xavfli retsidivist tomonidan yoxud juda ko‘p miqdorda pora olish, pora berish, pora olish-berishda vositachilik qilganlik uchun hukm qilingan shaxslarga nisbatan jazodan muddatidan ilgari shartli ravishda ozod qilish normasi tatbiq etilmaydi.
Ya’ni, davlat mablag‘lari, xalq mulkini o‘z manfaatlari yo‘lida sarflagan mansabdor shaxs o‘ziga tayinlangan jazoni to‘liq va hech qanday imtiyozlarsiz o‘tashi shart. Bu norma jamiyatda adolat mezonlarini tiklash va mansabdor shaxslar o‘rtasida qonun ustuvorligi tuyg‘usini shakllantirishda muhim o‘rin egallaydi.
– O‘zlashtirish yoki rastrata qilish yo‘li bilan talon-toroj qilganlik jinoyati bo‘yicha jazoni o‘tash tizimida qanday yangilik joriy etildi?
– Qonunda ushbu jinoiy qilmishlarning kvalifikatsiya belgilari qayta ko‘rib chiqilmoqda va ularning toifasi og‘irroq jinoyatlar sirasiga o‘tkazilmoqda.
Jinoyat kodeksining 167 va 168-moddalarida ko‘rsatilgan jinoyatlar mansab mavqeini suiiste’mol qilish yoki xizmat mavqeidan foydalanib sodir etilganligi ushbu moddalarning og‘irroq qismiga o‘tkazilib, mazkur qilmishlar uchun 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi nazarda tutildi. Jumladan, Jinoyat kodeksi 167-moddasi ikkinchi qismi “g” bandida nazarda tutilgan “mansab mavqeini suiiste’mol qilish yo‘li bilan” sodir etilgan o‘zlashtirish yoki rastrata jinoyati ushbu moddaning uchinchi qismi “d” bandiga ko‘chirildi.
Bu ushbu qilmish uchun sanksiyalarning sezilarli darajada kuchaytirilgani, ya’ni bu to‘g‘ridan-to‘g‘ri og‘ir jinoyatlar toifasiga kiritilishini anglatadi.
Xuddi shunday yondashuv firibgarlik jinoyati sodir etilganda ham qo‘llaniladi. Jinoyat kodeksining 168-moddasi uchinchi qismidagi “xizmat mavqeidan foydalangan holda” sodir etilgan firibgarlik belgisi to‘rtinchi qismning “g” bandiga o‘tkazildi.
Bunda muhim huquqiy muammo hal etildi. Amaldagi tahrirda firibgarlik jinoyatini xizmat mavqeidan foydalanmasdan sodir etgan, hech qayerda ishlamaydigan shaxslarga nisbatan ham sudlar ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinlaganda, modda sanksiyasida muayyan huquqdan mahrum qilish majburiy qo‘shimcha jazo sifatida ko‘rsatilgani bois, qonun mantig‘iga zid holatlar yuzaga kelar edi.
Sudlar ushbu ziddiyatni bartaraf etish uchun asoslar mavjud bo‘lmasa-da, Jinoyat kodeksining 57-moddasini qo‘llashga majbur bo‘layotgan edi. Kiritilayotgan o‘zgartirish bilan ushbu tizimli xatolikka barham berilib, qonun normalari amaliyotga moslashtirildi.
– Nodavlat sektorda korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha qanday yangiliklar joriy etildi?
– Nodavlat sektorda korrupsiyaga qarshi kurashish tizimi tubdan takomillashtirildi. Iqtisodiy hamkorlik va rivojlanish tashkilotining Korrupsiyaga qarshi kurash bo‘yicha Istanbul harakatlar rejasi doirasida berilgan tavsiyalariga asosan, Jinoyat kodeksiga muhim qo‘shimcha kiritildi.
Nodavlat tijorat tashkiloti yoki boshqa nodavlat tashkiloti xizmatchisini pora evaziga og‘dirib olish qilmishi uchun muqobil jazo sifatida bir yilgacha ozodlikni cheklash yoki bir yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilandi. Bu xalqaro reytinglarda mamlakatimiz nufuzini oshirishga xizmat qiladi.
Jinoyat kodeksining tegishli moddalariga yangi og‘irlashtiruvchi kvalifikatsiya belgisi – “g‘arazgo‘ylik niyatlarida sodir etilgan bo‘lsa” degan qoida kiritildi. Kiritilayotgan g‘arazgo‘ylik belgisi mansabdor shaxsning shaxsiy manfaatdorligini aniq huquqiy baholashga imkon beradi.
– “Korrupsiyaga oid jinoyatlar” degan yangi atama qaysi jinoyatlarni qamrab oldi?
– “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi qonunda “korrupsiya”, “korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar”, “korrupsiya bilan bog‘liq jinoyatlar”, “korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar uchun javobgarlik”, “korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar to‘g‘risida axborot berayotgan shaxslarni himoya qilish” kabi tushunchalar ishlatilgan. Biroq, Jinoyat kodeksida “korrupsiyaga oid jinoyatlar”ga qaysi turdagi jinoyatlar kirishi nazarda tutilmagan.
Shu sababli, Jinoyat kodeksining sakkizinchi bo‘limi “korrupsiyaga oid jinoyatlar” degan yangi atama bilan to‘ldirildi va qaysi jinoyatlar korrupsiyaga oid jinoyatlar deb topilishi belgilandi.
Jinoyat kodeksiga kiritilayotgan o‘zgartirishlar orqali ayrim korrupsiyaviy jinoyatlarning og‘irroq toifaga o‘tkazilishi va yangi kvalifikatsiya belgilarining qo‘shilishi munosabati bilan ushbu jinoyatlarning tergovga tegishlilik masalasi qayta ko‘rib chiqilgan va Jinoyat-protsessual kodeksining protsessual normalari moddiy qonunchilikka moslashtirilgan.
“Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi qonunda davlat xizmatchilari faoliyatida manfaatlar to‘qnashuvini bartaraf etish, korrupsiyaviy xavf-xatarlarni baholash va ularning oldini olishning huquqiy mexanizmlari yanada kuchaytirildi. Komplayens va korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalarining vakolatlari, huquq va majburiyatlari belgilandi.
Ushbu tuzilmalar tegishli tashkilot ob’ektlariga to‘sqinliksiz kirish, aniqlangan korrupsiyaviy holatlar yuzasidan xodimlarni lavozimdan ozod etish va lavozimga tayinlash bo‘yicha taqdimnoma kiritish kabi vakolatlarga ega bo‘ldi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi zimmasiga har bir davlat organi va tashkilotlari, hududlar va sohalar kesimida korrupsiyaviy xavf-xatarlar xaritasini shakllantirish vazifasi yuklatildi.
Qonun jamiyatda korrupsiyaga nisbatan murosasiz muhitni yanada kuchaytirish, davlat mulki va byudjet mablag‘larining talon-toroj qilinishiga chek qo‘yishga xizmat qiladi. O‘z navbatida, ta’lim, yoshlar siyosati va davlat xaridlari tizimida shaffoflik ta’minlanadi. Har qanday korrupsiyaviy huquqbuzarlik va jinoyat uchun javobgarlikning muqarrarligi prinsipi amalda ta’minlanadi.
O‘zA muxbiri
Norgul Abduraimova suhbatlashdi