Xalqaro yuk tashishda raqamli transformatsiya: eTIR tizimi joriy etilmoqda
Jahon savdosi va transport-logistika sohasida raqamli texnologiyalarni keng joriy etish xalqaro yuk tashuvlarini tezlashtirish, bojxona rasmiylashtiruvini soddalashtirish hamda davlatlar o‘rtasidagi axborot almashinuvini samarali tashkil etishning muhim omillaridan biriga aylanmoqda. Shu maqsadda Bojxona qo‘mitasida BMTning Yevropa iqtisodiy komissiyasi (UNECE) hamkorligida xalqaro yuk tashish jarayonlarini raqamlashtirishga bag‘ishlangan seminar-trening o‘tkazildi.
Tadbirda mashg‘ulotlarni UNECE TIR kotibiyati mutaxassisi Sami Ganmi hamda Xalqaro avtomobil transporti ittifoqi (IRU) vakili Vaxtang Zarandiya olib bordi. Seminar davomida ishtirokchilarga eTIR tizimining ishlash mexanizmi, uning xalqaro yuk tashishdagi afzalliklari, raqamli bojxona xizmatlarini rivojlantirishdagi o‘rni hamda O‘zbekistonda milliy eTIR ilovasini joriy etishning amaliy jihatlari haqida atroflicha ma’lumot berildi.

Mutaxassislar eTIR xalqaro tizimi orqali turli davlatlar bojxona organlari o‘rtasida elektron ma’lumot almashish mexanizmlari, yuklarni kuzatib borish imkoniyatlari va tizimni amaliyotga tatbiq etishning texnik yechimlari yuzasidan fikr almashdi. Ta’kidlanishicha, mazkur tizim hujjat aylanishini raqamlashtirish, bojxona rasmiylashtiruvi muddatini qisqartirish va inson omilini kamaytirish orqali tashqi savdo jarayonlarini yanada samarali tashkil etish imkonini beradi.

Seminar doirasida, shuningdek, eTIR milliy ilovasini O‘zbekiston bojxona axborot tizimiga integratsiya qilish, bojxona xodimlarini yangi raqamli muhitda ishlashga tayyorlash hamda uni amalda qo‘llanilayotgan «E-Tranzit» axborot tizimi bilan o‘zaro bog‘lash imkoniyatlari ham muhokama qilindi.
Qayd etilishicha, xalqaro standartlarga mos raqamli yechimlarni joriy etish mamlakatning tranzit salohiyatini yuksaltirish, tashqi savdo operatsiyalarini soddalashtirish, yuk tashish jarayonlarining shaffofligi va tezkorligini ta’minlash hamda O‘zbekistonning xalqaro transport yo‘laklaridagi raqobatbardoshligini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
Shahnoza Mamaturopova,
O‘zA