Bojxonada yangi imkoniyatlar
Mamlakatimizda tadbirkorlikni rivojlantirish, mahalliy ishlab chiqaruvchilarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va eksport geografiyasini kengaytirish davlat iqtisodiy siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi. Bu yo‘lda amalga oshirilayotgan islohotlar nafaqat yangi ishlab chiqarish quvvatlarini yaratish, balki tadbirkorlar uchun zamonaviy va qulay bojxona mexanizmlarini joriy etish orqali ham o‘z samarasini bermoqda. Eng muhimi, davlat idoralari va biznes o‘rtasidagi ochiq muloqot muhiti tobora mustahkamlanib, tadbirkorlarning muammolariga joyida yechim topish amaliyoti kengaymoqda.
Ana shunday amaliy muloqotlardan biri Buxoro viloyati bojxona boshqarmasi tashabbusi bilan “Buxoro sanoatni rivojlantirish kompleksi” maxsus sanoat parki hududida tashkil etildi. Unda boshqarma boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari O. Qodirov maxsus sanoat parkida faoliyat yuritayotgan korxonalar rahbarlari va vakillari bilan yuzma-yuz uchrashib, ularni qiziqtirayotgan masalalar bo‘yicha atroflicha suhbatlashdi.
Uchrashuv davomida maxsus sanoat parki rezidentlari uchun amaldagi qonunchilikda nazarda tutilgan bojxona imtiyozlari va preferensiyalari haqida batafsil ma’lumotlar berildi. Xususan, import qilinayotgan tovarlarni rasmiylashtirish jarayonlarini soddalashtirish, bojxona to‘lovlarini kechiktirib yoki bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyatlari, elektron xizmatlardan samarali foydalanish tartiblari tadbirkorlarga tushuntirildi.

Muloqotning eng muhim mavzularidan biri “Bojxona hududida qayta ishlash” bojxona rejimi bo‘ldi. Ta’kidlanganidek, ushbu mexanizm ishlab chiqaruvchilar uchun keng iqtisodiy imkoniyatlar yaratadi. Ya’ni korxonalar ishlab chiqarish uchun zarur bo‘lgan xomashyo va butlovchi qismlarni maqbul shartlarda mamlakatga olib kirib, ularni qayta ishlagan holda yuqori qo‘shilgan qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqarishi mumkin. Bu esa mahsulot tannarxini pasaytirish, sifatni oshirish, ichki bozor talabini qondirish bilan birga eksport hajmini ham sezilarli darajada ko‘paytirishga xizmat qiladi.

Shuningdek, tadbirkorlarga bojxona sohasida amalga oshirilayotgan raqamlashtirish jarayonlari, ortiqcha vaqt va xarajatlarni qisqartirishga qaratilgan zamonaviy xizmatlar ham taqdim etildi.
Uchrashuv davomida tadbirkorlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga bevosita mutaxassislardan javob oldi, amaliyotda uchrayotgan ayrim muammolar va takliflar yuzasidan fikr almashildi. Ayrim murojaatlar joyidayoq hal etilgani esa davlat idoralari va tadbirkorlar o‘rtasidagi hamkorlikning yangi bosqichga ko‘tarilayotganini yana bir bor namoyon qildi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri