Xalqaro reyting va indekslarda O‘zbekistonning o‘rni tobora yaxshilanmoqda
Xalqaro reyting va indekslar bilan ishlash bo‘yicha respublika kengashining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Senat Raisi, Xalqaro reyting va indekslar bilan ishlash bo‘yicha respublika kengashi raisi Tanzila Norboyeva boshqargan yig‘ilishda mamlakatimizda olib borilgan islohotlar natijasida qator xalqaro reyting va indekslarda O‘zbekistonning o‘rni yaxshilanyotgani ta’kidlandi.
Joriy yilning o‘tgan davrida “Fitch Ratings” va “S&P” agentliklari O‘zbekistonning suveren kredit reytingi kutilmasini “barqaror”dan “ijobiy”ga oshirdi. “Moody’s” agentligi respublikaning kredit reytingi bahosini “Va3” “ijobiy” kutilmadan 1 pog‘ona yuqoriga “Va2” “barqaror”ga ko‘tardi.
Iqtisodiy erkinlik indeksida O‘zbekiston 14 pog‘onaga yuqorilab, 184 davlat orasida 86-o‘rinni egalladi. Respublikamiz 60,3 ball bilan birinchi marotaba “o‘rtacha erkin” (“moderately free”) davlatlar qatoriga kirdi. Oldingi yillarda “asosan erkin bo‘lmagan” davlatlar qatorida bo‘lgan.

“Ayollar, biznes va qonun” indeksida O‘zbekiston 43 pog‘onaga yuqorilab, 190 davlat orasida 48-o‘rinni egalladi. O‘zbekiston gender tenglik sohasida eng katta natijalarga erishgan muhim huquqiy islohotlarni amalga oshirgan davlatlar qatoriga kiritilib, ayollarning iqtisodiy faoliyatini qo‘llab-quvvatlash yo‘nalishida top-5 (Markaziy Osiyoda birinchi, Yevropada uchinchi) davlatlar qatoridan o‘rin oldi.
Yig‘ilishda islohotlardan kelib chiqib, yangi ustuvor xalqaro reytinglar bilan ishlash zarurati yuzaga kelayotganligi ta’kidlandi.
Sun’iy intellekt sohasini izchil rivojlantirish, raqamli texnologiyalarni keng joriy etish hamda xalqaro tavsiyalar asosida mamlakatimizning ushbu yo‘nalishdagi pozitsiyalarini mustahkamlash muhim ahamiyat kasb etmoqda. Bu borada “Oxford Insights” xalqaro tashkilotining Hukumatning sun’iy intellektga tayyorgarlik indeksi yuritilishi boshlangandan (2020-yildan) beri ko‘rsatkichlar 33 pog‘onaga yaxshilangan (2025-yilda 62-o‘rin, 2020-yilda 95-o‘rin) va O‘zbekiston MDHda eng yuqori natijaga erishgan mamlakatga aylangan.

Atrof-muhitni muhofaza qilish samaradorligini oshirish, ekologik barqarorlikni ta’minlash hamda xalqaro tashkilotlar tavsiyalari asosida ekologik siyosatni yanada takomillashtirish zarurligiga e’tibor qaratildi. Jumladan, AQSHning Yel Universiteti hamda Kolumbiya universiteti tomonidan yuritiladigan Atrof-muhit samaradorligi indeksida 2026-yilda O‘zbekiston 177 davlat orasida 121-o‘rinni egallagan (2024-yilda 107-o‘rin edi).
Mazkur indekslarni ustuvor xalqaro reytinglar qatoriga kiritib, tizimli ishlarni olib borish tavsiya etildi.
Majlisda mamlakatimizning ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy-huquqiy sohaga oid ustuvor xalqaro reytinglardagi o‘rnini yaxshilash bo‘yicha 2026-yilga mo‘ljallangan chora-tadbirlar rejasi ijrosi holati ko‘rib chiqildi.
Muhokama yakunida O‘zbekiston uchun ustuvor ahamiyatga ega xalqaro reyting va indekslarda mamlakatimiz pozitsiyasini yanada yaxshilash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar ishlab chiqish vazifalari belgilandi hamda Respublika kengashining tegishli qarori qabul qilindi.
N.Abduraimova, O‘zA