O‘zbekiston – Qozog‘iston: sanoat kooperatsiyasi va yangi investitsiyaviy imkoniyatlar
O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasida savdo-iqtisodiy aloqalarni mustahkamlash, investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish, sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar ko‘lami kengaymoqda.
Qozog‘istonning “Atameken” Milliy tadbirkorlar palatasi boshchiligidagi delegatsiyaning Toshkent shahriga tashrifi doirasida O‘zbekiston–Qozog‘iston biznes-forumi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi Davron Vahobov, “Atameken” Milliy tadbirkorlar palatasi prezidiumi raisi Kanat Sharaplayev, davlat idoralari va tarmoq birlashmalari rahbarlari, shuningdek, 300 nafardan ortiq ishbilarmon doiralar vakillari ishtirok etdi.
Forum davomida savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish, sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish hamda eksport salohiyatini oshirish masalalari muhokama qilindi, deyiladi Savdo-sanoat palatasi ma’lumotida.
Qayd etilganidek, 2025-yil yakunlariga ko‘ra, O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi o‘zaro savdo hajmi 4 milliard 969 million AQSH dollarini tashkil etib, 2024-yilga nisbatan 11,4 foizga oshgan.
Forumda Qozog‘istonning qurilish, agrosanoat, yengil sanoat, mashinasozlik, logistika, tibbiyot, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari hamda boshqa yo‘nalishlarda faoliyat yurituvchi 100 dan ortiq yetakchi kompaniyalari vakillari qatnashdi.
M.HOJIAKBAROVA,
O‘zA