Xalqaro olimpiadadagi yuksak natijalar
Xitoyning Shanxay shahrida 10–21-iyul kunlari bo‘lib o‘tgan 67-Xalqaro matematika olimpiadasi (IMO–2026)da O‘zbekiston terma jamoasi tarkibida ishtirok etgan Sirdaryo viloyatining ikki nafar iqtidorli o‘quvchisi yuksak natijaga erishib, xalqaro maydonda viloyat sharafini munosib himoya qildi. Olimpiada dunyoning eng nufuzli intellektual bellashuvlaridan biri bo‘lib, unda 100 dan ortiq davlatning eng sara yosh matematiklari ishtirok etishdi.
Nufuzli olimpiadada Yangiyer shahridagi ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasasi o‘quvchisi Dostonbek Rahmonqulov kumush medal sohibi bo‘ldi. Al-Xorazmiy nomidagi ixtisoslashtirilgan maktabning Guliston filiali o‘quvchisi Azizbek Mamajonov esa bronza medalni qo‘lga kiritdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Xalqaro matematika olimpiadasi 1959-yildan buyon har yili o‘tkazib kelinayotgan bo‘lib, umumta’lim maktablari o‘quvchilari uchun matematika sohasidagi eng nufuzli jahon intellektual musobaqasi hisoblanadi. Olimpiada ishtirokchilari ikki kun davomida algebra, geometriya, sonlar nazariyasi va kombinatorikaga oid eng murakkab masalalarni yechish orqali o‘z bilim va salohiyatini namoyon etadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 30-sentabrdagi qaroriga muvofiq, xalqaro fan olimpiadalari g‘oliblari munosib rag‘batlantiriladi. Jumladan, kumush medal sohibi Dostonbek Rahmonqulovga 618 million so‘m, uning ustoziga 103 million so‘m pul mukofoti beriladi. Bronza medal sohibi Azizbek Mamajonov 412 million so‘m, uning ustozi esa 61,8 million so‘m miqdorida pul mukofoti bilan taqdirlanadi. Shuningdek, har ikki ustozning malaka toifasi bir pog‘onaga oshiriladi.
E’tiborlisi shundaki, O‘zbekiston terma jamoasi so‘nggi yillarda Xalqaro matematika olimpiadasida barqaror yuqori natijalarni qayd etib kelmoqda. Mamlakatimiz vakillarining muntazam ravishda medallar qo‘lga kiritayotgani yurtimizda aniq fanlarni rivojlantirish, iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va ularning intellektual salohiyatini yuksaltirishga qaratilgan davlat siyosati o‘zining yuksak samarasini berayotganini yana bir bor tasdiqladi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri