Mirobodda jamoat xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar qanday samara bermoqda?
Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi hamda xalq deputatlari Mirobod tuman kengashining qo‘shma majlisi bo‘lib o‘tdi.
Unda Prezidentimizning jamoat xavfsizligini ta’minlashga oid qarorlari ijrosi, shuningdek, huquqbuzarliklar profilaktikasi, jinoyatchilik va korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida amalga oshirilayotgan ishlar samaradorligi atroflicha muhokama qilindi.
Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi raisi Q.Burhonov, Ichki ishlar vazirligi rahbariyati, xalq deputatlari Mirobod tumani kengashi deputatlari, tuman hokimi, prokurori, ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi mutasaddilari hamda tegishli davlat organlari va tashkilotlarining mas’ul vakillari ishtirok etdi.
Hisobot davrida aholi bilan manzilli ishlash, ijtimoiy profilaktikani kuchaytirish, yoshlar va xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, aholi bandligini ta’minlash, shuningdek, xavfsizlik infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilgan.

Xususan, 12 mingdan ortiq o‘quvchi va talabalar ishtirokida profilaktik tadbirlar o‘tkazildi, 567 nafar fuqaroning bandligi ta’minlandi. Shuningdek, 4 mingdan ziyod yoshlar ishtirokida ochiq muloqotlar tashkil etildi, yuzlab nizoli oilalar bilan manzilli profilaktik ishlar olib borildi.
Shu bilan birga, mahallalar va ijtimoiy ob’ektlarda videokuzatuv tizimlari kengaytirilib, 600 dan ortiq ob’ekt hamda 900 dan ziyod xonadonlar texnik qo‘riqlovga olindi. "Mening inspektorim" platformasi orqali 105 mingdan ortiq fuqarolar qamrab olinib, profilaktika inspektorlari bilan tezkor va samarali muloqot mexanizmi yo‘lga qo‘yildi.

Amalga oshirilgan chora-tadbirlar natijasida umumiy jinoyatchilik 1,7 foizga, oldini olish mumkin bo‘lgan jinoyatlar esa 9,2 foizga kamaygan. Ayniqsa, ayollar, yoshlar, ishsizlar hamda muqaddam sudlangan shaxslar tomonidan sodir etilgan jinoyatlar sonining sezilarli qisqarishiga erishilgan.
Shu bilan birga, giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarning noqonuniy muomalasiga qarshi kurashish doirasida 187 huquqbuzarlik holati aniqlangani ma’lum qilindi.
Mahallalarda xavfsiz muhitni ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilgan manzilli ishlar natijasida avval xavfli toifaga kiritilgan mahallalarning aksariyatida kriminogen vaziyat yaxshilanib, ularning xavf darajasi pasaygan.
Muhokama yakunida "yo‘l xaritasi"da belgilangan vazifalarning to‘liq va sifatli bajarilishini ta’minlash, profilaktika ishlarini natijadorlik asosida tashkil etish, raqamli nazorat mexanizmlari orqali ijro intizomini mustahkamlash hamda davlat organlari va mahalla institutlari o‘rtasidagi hamkorlikni yanada kuchaytirish vazifalari belgilandi.
N.Abduraimova, O‘zA