Xalqaro hamkorlik: tajriba almashinuvi va malaka oshirishning yangi bosqichi
Tibbiyot ta’limi tizimida xalqaro hamkorlikni kengaytirish, ilg‘or tajribalarni o‘rganish va ularni amaliyotga joriy etish bugungi kunning muhim vazifalaridan biri hisoblanadi. Shu maqsadda Respublika o‘rta tibbiyot va farmatsevtika xodimlari malakasini oshirish va ularni ixtisoslashtirish markazi Navoiy filiali tomonidan amalga oshirilayotgan xalqaro aloqalar yana bir muhim bosqichga ko‘tarilmoqda.
2026-yilning 2-3-iyun kunlari markaz Navoiy filiali direktori Vali To‘raqulov Belarus Respublikasida bo‘lib, Antonov nomidagi Vitebsk davlat tibbiyot kolleji faoliyati bilan yaqindan tanishdi.

Tashrif doirasida Vitebsk davlat tibbiyot kolleji direktori Yelena Orlova, Sankt-Peterburg tibbiyot kolleji direktori Zoya Gapanova va Respublika o‘rta tibbiyot va farmatsevtika xodimlari malakasini oshirish va ularni ixtisoslashtirish markazi Navoiy filiali direktori Vali To‘raqulov ishtirokida uch tomonlama muzokaralar o‘tkazildi.

- Uchrashuvlar davomida o‘quv jarayonini zamonaviy tashkil etish, ta’lim hujjatlarini yuritish, o‘rta tibbiyot va farmatsevtika xodimlarining malakasini oshirish tizimini takomillashtirish hamda xalqaro hamkorlik aloqalarini kengaytirish masalalari muhokama qilindi, - deydi V.To‘raqulov. - Shuningdek, ta’lim muassasalarida yaratilgan zamonaviy shart-sharoitlar, innovatsion o‘qitish texnologiyalari va amaliy ko‘nikmalarni rivojlantirishga qaratilgan ilg‘or tajribalarni o‘rgandik. Kollejning zamonaviy simulyatsion markazi faoliyati bilan tanishdik. Bu yerda tibbiyot ta’limida amaliy ko‘nikmalarni shakllantirishga qaratilgan mashg‘ulotlar, simulyatsion texnologiyalarning imkoniyatlari hamda ularning ta’lim jarayonidagi ahamiyati namoyish etildi.
Markaz mutaxassislari tomonidan emlash jarayonlarini tashkil etish va bemorlarda o‘pka shishi holatlarida shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatish mavzularida master-klasslar o‘tkazildi.

Ushbu mashg‘ulotlarda markazning Navoiy filialining 120 nafar o‘qituvchi va tinglovchilari onlayn formatda ishtirok etib, simulyatsion ta’limning afzalliklari, amaliy mashg‘ulotlarni samarali tashkil etish usullari hamda xalqaro tajribalarni o‘quv jarayoniga tatbiq etish bo‘yicha muhim bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘ldi.
Albatta, bu kabi xalqaro hamkorlik loyihalari ta’lim sifatini yanada oshirish, o‘quv dasturlarini takomillashtirish va raqobatbardosh tibbiyot kadrlarini tayyorlashda muhim ahamiyat kasb etadi. Ayniqsa, simulyatsion ta’lim texnologiyalaridan keng foydalanish kelajakda tibbiyot xodimlarining amaliy tayyorgarligini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri