Qurilishda muammolar ortmoqda: Raqobat qo‘mitasi fuqarolarni ogohlantirdi
Raqobat qo‘mitasining ma’lum qilishicha, qurilish sohasidagi qonunbuzilishlar bo‘yicha murojaatlar soni ortib bormoqda. Agar 2025-yilda bu borada 1 706 ta murojaat kelib tushgan bo‘lsa, 2026-yilning birinchi choragidayoq ularning soni qariyb 1 000 taga yetgan.
Murojaatlarda asosan qurilish ishlarining sifatsiz bajarilishi, uy-joylarni o‘z vaqtida topshirmaslik, shartnoma shartlariga rioya etmaslik, ko‘rsatilmagan xizmatlar uchun haq undirish hamda reklamada berilgan va’dalarning bajarilmasligi kabi holatlar qayd etilmoqda.
Qo‘mita fuqarolarga uy-joy sotib olishda shartnoma shartlarini diqqat bilan o‘rganish, quruvchining qonuniy maqomi va huquqlarini tekshirish, shuningdek, to‘lovlarni belgilangan tartibda, jumladan eskrou hisobvarag‘i orqali amalga oshirishni tavsiya qildi.
Shu bilan birga, quruvchi tashkilotlarga iste’molchilar huquqlarini ta’minlash, qurilish muddatlarini haqqoniy belgilash va qonunchilik talablariga qat’iy rioya qilish bo‘yicha ogohlantirish berildi.
Qo‘mita qonun talablari buzilgan taqdirda tegishli ta’sir choralari qo‘llanilishini ma’lum qildi.
N.Rahmonova,
O‘zA