Xalqaro amaliy seminar tashkil etildi
Har bir sohada bilimli bo‘lish, uni tajribada qo‘llash yanada muhimroq.
Bilim va tajriba almashish jarayonlarini samarali tashkil etish maqsadida xalqaro amaliy seminar tashkil etildi.
Seminar dasturi Turkiya Maxsus sportchilar sport federatsiyasi (TOSSFED) faoliyati va erishilgan yutuqlar aks ettirilgan taqdimot videosi namoyishi bilan ochib berildi. Shundan so‘ng turkiyalik mutaxassis, doktor Lemon Elmas tomonidan intellektual rivojlanishida o‘ziga xos xususiyatlari bo‘lgan sportchilar bilan ishlashning asosiy tamoyillari, zamonaviy yondashuvlar hamda sohaga oid muhim tushuncha va atamalar yuzasidan ma’ruza qilindi.

Mashg‘ulotlar davomida intellektual rivojlanishida o‘ziga xos xususiyatlari mavjud sportchilarni klassifikatsiya qilish masalalari atroflicha muhokama qilinib, ishtirokchilarga nazariy bilimlar bilan bir qatorda amaliy ko‘nikmalar ham yetkazilmoqda. Xalqaro tajribaga asoslangan taqdimot va muhokamalar mutaxassislarga o‘z faoliyatida samarali qo‘llash mumkin bo‘lgan yangi yondashuvlarni o‘rganish imkonini bermoqda.
Seminar-trening davomida ishtirokchilar nafaqat yangi bilim va tajribalarni egallamoqda, balki turli mamlakatlardan tashrif buyurgan mutaxassislar bilan o‘zaro fikr almashib, professional hamkorlik aloqalarini mustahkamlash imkoniyatiga ham ega bo‘lmoqda.
Sherbek Islomov, O‘zA