O‘zbekiston ayollar terma jamoasi Billie Jean King Cup musobaqasida eng kuchli to‘rtlikdan joy oldi
Malayziyada o‘tkazilgan Billie Jean King Cup Asia/Oceania Group II musobaqasida O‘zbekiston ayollar terma jamoasi o‘tgan yilgiga nisbatan ancha muvaffaqiyatli ishtirok etdi.
Malayziyada o‘tkazilgan Billie Jean King Cup Asia/Oceania Group II musobaqasi O‘zbekiston ayollar terma jamoasi uchun ijobiy natijalar bilan yakunlandi.
Musobaqaning guruh bosqichida muvaffaqiyatli ishtirok etgan terma jamoamiz pley-off yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi va Asia/Oceania Group I divizioniga chiqish uchun kurashni davom ettirdi.
Yarim finalda o‘zbekistonlik tennischilar Filippin terma jamoasiga qarshi bahs olib bordi. Dastlabki yakkalik uchrashuvida Nigina Alimova Tennielle Madisga 4:6, 5:7 hisobida mag‘lub bo‘ldi. Keyingi bahsda esa Sevil Yo‘ldasheva Shaira Rivera ustidan 6:3, 7:5 hisobida g‘alaba qozonib, jamoalar o‘rtasidagi muvozanatni tikladi.
Shundan so‘ng g‘olib taqdirini juftlik bahsi hal qildi. Nigina Alimova va Sevil Yo‘ldasheva Aleksa Joy Milliam hamda Shaira Riveraga qarshi kortga chiqdi. Uch set davom etgan murosasiz uchrashuvning dastlabki ikki qismida jamoalar bittadan g‘alabaga erishdi. Super tay-breykda esa omad filippinlik tennischilar tomonida bo‘lib, ular 10:6 hisobida ustun keldi.

Shu tariqa O‘zbekiston terma jamoasi Asia/Oceania Group I divizioniga chiqish imkoniyatini bir qadam qolganda qo‘ldan chiqardi va kelasi mavsumni yana Asia/Oceania Group II musobaqasida boshlaydi.
Ayni paytda jamoa o‘tgan yilgi ishtirokini sezilarli darajada yaxshilaganini ham alohida qayd etish lozim. 2025-yilgi musobaqada sakkizinchi o‘rin bilan cheklangan terma jamoamiz bu safar yarim finalga qadar yetib bordi, turnirning eng kuchli to‘rt jamoasi safidan o‘rin oldi hamda yuqori divizion yo‘llanmasi uchun oxirgi ochkoga qadar kurash olib bordi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA