“Xalq so‘zi” – xalq hayotining yilnomachisi
Farg‘onada mamlakat yetakchi nashrlaridan biri – “Xalq so‘zi” va “Narodnoye slovo” gazetalari tashkil topganining 35 yilligi nishonlandi.
Mamlakat ijtimoiy-siyosiy hayotini yoritish, islohotlar mazmun-mohiyatini keng jamoatchilikka yetkazish, aholi manfaatlarini ifoda etishda matbuotning o‘rni beqiyos. «Xalq so‘zi» gazetasi ana shu mas’uliyatli vazifalarni bajarib kelayotgan nufuzli nashrlardan biridir.1991-yilda tashkil etilgan gazeta mustaqillik yillarida mamlakat hayotidagi muhim o‘zgarishlar, ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar, siyosiy va madaniy jarayonlarni yoritib kelmoqda. Nashr o‘zbek va rus tillarida chop etilib, keng kitobxonlar auditoriyasiga ega. Tadbirda dastlab gazetaning bosib o‘tgan yo‘li, milliy jurnalistika rivojiga qo‘shgan hissasi hamda hududlar hayotini yoritishdagi o‘rni haqidagi videorolik namoyish etildi.
[gallery-478169]
So‘ngra viloyatning taniqli yozuvchi, shoir, jurnalistlari, jamoatchilik vakillari so‘zga chiqib gazetaning o‘tgan 35 yildagi faoliyatini tahlil qildilar, o‘zbek jurnalistikasiga yetuk jurnalistlarni tarbiyalab yetkazib bergan tahririyat va ustozlar haqida fikr- mulohazalarini bildirishdi. Ma’lumki, gazeta faoliyatida joylardagi o‘zgarishlar, aholini o‘ylantirayotgan masalalar, tadbirkorlik, ta’lim, sog‘liqni saqlash, madaniyat va ma’naviyat sohalaridagi jarayonlarni yoritish muhim ahamiyat kasb etadi. Zero, matbuotning jamiyatdagi nufuzi nafaqat e’lon qilinayotgan axborotning tezkorligi, balki uning xolisligi, tahlil chuqurligi va hayotiyligi bilan ham belgilanadi. Shu ma’noda, markaziy va mahalliy ommaviy axborot vositalari o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash, tajriba almashish, dolzarb mavzularni birgalikda o‘rganish va yoritish muhimdir. Bunday hamkorlik hududlardagi voqea-hodisalarning mamlakat miqyosida kengroq aks etishiga, jamoatchilik fikrining shakllanishiga xizmat qiladi.
– “Xalq so‘zi” gazetasining 35 yilligi milliy matbuot tarixiga nazar tashlash, jurnalist mehnatining mas’uliyatini anglash va kelgusi faoliyat uchun yangi maqsadlarni belgilash imkoniyatidir, – dedi Farg‘ona davlat universiteti rektori, professor Bahodir Shermuhammadov. – Gazeta jamoasiga ijodiy muvaffaqiyatlar, yangi izlanishlar va kitobxonlar ishonchini mustahkamlash yo‘lida omad tilaymiz.
Tadbir nafaqat o‘tgan yillar sarhisobi, balki jurnalistika oldida turgan yangi vazifalarni belgilab olish uchun ham ahamiyatli bo‘ldi. Bugungi axborot makonida gazeta va jurnallar raqamli platformalar bilan raqobatlashar ekan, chuqur tahlil, ishonchli dalil, jurnalistik surishtiruv va o‘quvchi bilan samimiy muloqotga bo‘lgan ehtiyoj yanada ortib borayotgani alohida ta’kidlandi.
Tadbirda “Xalq so‘zi” – “Narodnoye slovo” gazetalarining farg‘onalik faol mualliflariga esdalik nishoni va yubiley kitobi sovg‘a qilindi.
Muhammadjon Obidov,
O‘zA