Marg‘ilonning Zuhro mahallasi yangi qiyofaga kirdi
Marg‘ilon shahridagi Zuhro mahallasida «Obod mahalla, obod ko‘cha, obod uy» tamoyili doirasida amalga oshirilgan ishlar bugun olti mingdan ortiq aholining kundalik hayotida o‘z ifodasini topmoqda.
Inson qadrini ulug‘lash, avvalo, uning ehtiyoj va manfaatlarini ta’minlashda, yashashi, mehnat qilishi, bilim olishi va dam olishi uchun zarur sharoitlarni yaratishda namoyon bo‘ladi. Mahalladagi yangilanishlarning mazmun-mohiyati ham aynan shundan iborat.
Bunyodkorlik ishlari davomida aholini yillar mobaynida tashvishga solib kelgan qator masalalar hal etildi. Qishda loy, yozda chang bo‘lgan ko‘chalar tekislanib, asfalt yotqizildi. Tungi yoritish tizimi o‘rnatildi, piyodalar va velosipedchilar uchun yo‘laklar, sog‘lomlashtirish xiyobonlari barpo etildi.
Hududni ko‘kalamzorlashtirish va yashil maydonlarni suv bilan ta’minlash maqsadida bitta sug‘orish qudug‘i qazildi, 6,5 kilometr sug‘orish tarmog‘i tortildi, 1,6 kilometr ariq betonlandi. Mahallaga 1100 dan ortiq manzarali daraxt va gul ko‘chatlari ekildi.
[photobank-Foto ID: 478216]
«Obod uy» mezoni asosida ko‘p qavatli uylarning tashqi qismi to‘liq ta’mirlandi, ularning atrofi tartibga keltirildi. Uchta bolalar o‘yin va sport maydonchasi hamda chiqindi yig‘ish shoxobchasi qurildi.
Yangi Nuroniylar maskani, kitobxonlik kafesi va kutubxona aholi ixtiyoriga topshirildi. Ushbu maskanlar keksalarning mazmunli hordiq chiqarishi, yoshlarning bilim va dunyoqarashini boyitishi, mahallada ma’naviy muhitni mustahkamlashga xizmat qiladi.
Mahalla fuqarolar yig‘ini binosi ta’mirlanib, «mahalla yettiligi» faoliyati uchun zarur shart-sharoitlar yaratildi. Bu imkoniyatlar aholi bilan bevosita ishlash, murojaatlarni o‘z vaqtida ko‘rib chiqish va muammolarga mahallaning o‘zida yechim topishda muhim ahamiyatga ega.
Aholining uy-joy sharoitlarini yaxshilash borasidagi ishlar ham davom ettirilmoqda. Renovatsiya dasturi doirasida eskirgan oltita uy o‘rnida 96 xonadondan iborat, ikki pod’ezdli to‘qqiz qavatli turar joy qurilishi boshlandi.
Mahalladagi o‘zgarishlar aholi bandligini ta’minlash va daromadlarini oshirish choralari bilan birgalikda olib borildi. Hunarmandlik va tadbirkorlik mahallaning o‘sish nuqtalari sifatida belgilanib, yuz nafardan ortiq aholining bandligi ta’minlandi. Markaziy ko‘chalarda kechayu kunduz faoliyat yuritadigan savdo va xizmat ko‘rsatish ob’ektlari ishga tushirildi.
Bugun Zuhro mahallasida yana bir yangi inshoot – “Mehnat” o‘yingohi ochildi. U tubdan yangilanib, sport mashg‘ulotlari va to‘garaklar faoliyati uchun zarur imkoniyatlar yaratildi.
Tantanali tadbirda Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov ishtirok etdi va so‘zga chiqdi.
– Umid qilamizki, bu yerda shug‘ullanadigan yoshlarimiz orasidan kelgusida viloyatimiz va mamlakatimiz sharafini munosib himoya qiladigan sportchilar yetishib chiqadi, – dedi viloyat hokimi.
Bugun Zuhro mahallasi Yangi O‘zbekiston qiyofasidagi mahallaga aylanmoqda.
“Inson qadri uchun” tamoyilining amaliy natijasi ham odamlarning turmushidagi ana shunday ijobiy o‘zgarishlarda namoyon bo‘ladi.
Muhammadjon Obidov, Elyor Olimov(video,surat),
O‘zA