Qisqa raqamlardagi uzoq kutish muammosiga yechim izlanmoqda
Gaz yo‘q, suv muammosi bor yoki elektrda uzilish bo‘ldi. Bunday paytda odam birinchi navbatda ishonch telefoniga qo‘ng‘iroq qiladi.
Ammo ko‘pincha nima bo‘ladi? Liniya band, kutasiz, yana kutasiz. Keyin esa navbatingiz yaqinlashganda qo‘ng‘iroq uzilib ketadi.
Tanish holatmi?
Raqobat qo‘mitasi aynan shu muammolarni o‘rganib chiqdi va muhim xulosaga keldi: aholi qisqa raqamlarga bog‘lanishda juda ko‘p vaqt yo‘qotmoqda.
O‘rganishlarga ko‘ra, eng ko‘p qo‘ng‘iroqlar elektr, gaz va suv ta’minoti kabi hayotiy muhim xizmatlarga qilingan. Eng e’tiborlisi, ayrim holatlarda operator bilan ulanish uchun kutish vaqti 10 daqiqadan 30 daqiqagacha cho‘zilgan.
Bu insonning vaqti qadrlanmayapti degani. Axir muammo bilan qo‘ng‘iroq qilgan odam yarim soat kutish uchun emas, tez yechim topish uchun murojaat qiladi.
Raqamlarga e’tibor bersak, gaz ta’minoti bo‘yicha murojaatlar 4,5 barobarga oshgan. Maishiy chiqindi xizmatlari bo‘yicha 2,4 barobar. Ichimlik suvi va qurilish xizmatlari bo‘yicha esa 1,2 barobar o‘sish qayd etilgan.
Bu raqamlar bir haqiqatni - aholi murojaat qilyapti, lekin tizim bu yuklamani to‘liq ko‘tara olmayotganini ko‘rsatadi.
Tahlillar shuni ko‘rsatdiki, ko‘plab aloqa markazlari faoliyatini aniq tartibga soluvchi qoidalar yetarli emas. Bu esa qo‘ng‘iroqlarga tezkor javob berish sifatiga salbiy ta’sir qilmoqda.

Raqobat qo‘mitasi bu muammolarni bartaraf etish bo‘yicha o‘z takliflarini Raqamli texnologiyalar vazirligiga yubordi. Unda aholi bilan ishlovchi barcha tashkilotlarga yagona baholash tizimini joriy qilish, kamchiliklar uchun javobgarlikni belgilash va natijalarni ochiq e’lon qilish taklif qilingan.
Bu amalga oshsa nima o‘zgaradi?
Eng avvalo, odamlar qo‘ng‘iroq qilganda soatlab kutmaydi. Murojaatlar tezroq qabul qilinadi. Muammolarga yechim topish osonlashadi. Eng muhimi, xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlarga nisbatan ishonch ortadi.
Nigora Rahmonova,
O‘zA