Voleybolchilarimiz Pokistonda Qozog‘iston jamoasini mag‘lub etdi
Shu kunlarda Pokiston poytaxti Islomobod shahrida voleybol bo‘yicha erkaklar o‘rtasida Markaziy Osiyo chempionati bahslari o‘tkazilmoqda.
Mintaqaning 6 ta davlat jamoalari ishtirok etayotgan musobaqada Ramin Babai bosh murabbiyligidagi O‘zbekiston erkaklar milliy terma jamoasi ishtirok etmoqda.
Musobaqa taqvimiga binoan hamyurtlarimiz xalqaro turnirning ilk kunlarida Bangladesh va Qozog‘iston terma jamoalari bilan o‘yin o‘tkazdi.
Dastlabki bahsda hamyurtlarimiz Bangladesh jamoasiga 2:3 ko‘rinishida imkoniyatni boy bergan bo‘lsa, qo‘shni Qozog‘iston jamoasi bilan o‘yinda g‘alabaga bo‘lgan kuchli irodasini namoyish etdi.

Qiziqarli va shiddatli kechgan uchrashuvda O‘zbekiston milliy terma jamoasi qo‘shni mamlakat voleybolchilarini 3:2 hisobida mag‘lub etdi.
Aytish lozimki, ushbu muvaffaqiyat voleybol bo‘yicha kattalar milliy jamoalari o‘rtasidagi rasmiy uchrashuvlardagi O‘zbekiston jamoasining ilk g‘alabasi ekanligi bilan e’tiborlidir.
Chempionat taqvimiga ko‘ra, O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari bugun, 24-iyul kuni Shri-Lanka jamoasi bilan, 26-iyulda Pokiston, 27-iyul kuni Nepal jamoasi bilan kuch sinashadi.
Musobaqalar 29-iyulga qadar davom etadi.
T. Ro‘ziyev, O‘zA