Viloyat hokimi “Mustaqillik darsi”da ishtirok etdi
Bugun Andijon viloyatidagi oliy ta’lim muassasalarida yangi, 2026–2027 o‘quv yiliga start berildi. Shu munosabat bilan Andijon davlat tibbiyot institutida tantanali tadbir tashkil etildi.
Andijon viloyati hokimi Shuhratbek Abdurahmonov ishtirok etib, viloyatdagi barcha oliy o‘quv yurtlarining professor-o‘qituvchilari, xodimlari hamda talaba-yoshlarini yangi o‘quv yili boshlanishi bilan muborakbod etdi.
– Mustaqillik tufayli eng avvalo, ulug‘ ne’mat – tinchlikni qo‘lga kiritdik, qolaversa, mustaqillik bizga milliy, diniy qadriyatlarimizni qaytardi, tarixiy haqiqat tiklanishiga, o‘zligimizni anglashga imkon yaratdi, – deydi viloyat hokimi Shuhratbek Abdurahmonov. – Mustaqillik sharofati bilan yurtimiz yoshlarining bilim olishi, kasb-hunar egallashi, o‘z iqtidor va salohiyatini yuzaga chiqarishi uchun keng imkoniyatlar yaratilmoqda.


Bugun yoshlarimiz ana shu imkoniyatlardan oqilona foydalansa, yurt mustaqilligini asrasa, tinchlikning qadriga yetsa, shubhasiz, Vatanga muhabbati, ertangi kunga bo‘lgan ishonchi yanada mustahkam bo‘ladi. Vatanni sevadigan, ertangi kunga ishonchi baland yoshlari bor yurtning kelajagi, albatta, porloq bo‘ladi.
Tantanali marosim davomida iqtidorli yoshlar va talabalar Vatan, tinchlikni madh etuvchi, yoshlik shijoatini tarannum etuvchi she’rlar aytdi, go‘zal kuy-qo‘shiqlar ijro etdi.
Tantanali tadbirdan so‘ng viloyat hokimi institut talabalariga “Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va kelajak yaratamiz!” shiori ostida “Mustaqillik darsi”ni o‘tdi.



Ochiq va samimiy muloqot tarzida o‘tgan darsda viloyat hokimi yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlar, bunyodkorlik ishlari haqida gapirdi. Jumladan, ta’lim, ayniqsa, oliy ta’lim tizimidagi yangilanishlar, oliy ta’limni yanada rivojlantirish, talabalar uchun yaratilayotgan keng imkoniyatlar xususida alohida to‘xtaldi.
U talaba-yoshlarni puxta bilim olishga, yaratilayotgan imkoniyatlardan unumli foydalanishga, kelajakda yurt ravnaqiga munosib hissa qo‘shadigan fidoyi insonlar bo‘lib kamol topishga chaqirdi.
Faxriddin Ubaydullayev,
O‘zA muxbiri