Toshkent — Mavrikiy yo‘nalishida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlar yo‘lga qo‘yiladi
Poytaxtda O‘zbekiston va Mavrikiy o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yish munosabati bilan ikki mamlakat turizm sohasi vakillarining ochiq muloqoti bo‘lib o‘tdi.
Tadbir “Prestige Travel” kompaniyasi tashabbusi bilan Turizm qo‘mitasi hamkorligida o‘tkazildi. Unda Mavrikiyning yetakchi turizm kompaniyalari va mehmonxona brendlari vakillari, shuningdek, O‘zbekistonning mahalliy turoperatorlari ishtirok etdi.
Uchrashuvda ikki davlat o‘rtasida turistik aloqalarni kengaytirish, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, yangi turistik mahsulotlarni shakllantirish hamda Mavrikiy bozoriga O‘zbekistonning turizm salohiyatini keng targ‘ib qilish masalalari muhokama qilindi.
Ta’kidlanganidek, 2026-yil dekabr oyidan boshlab Toshkent va Afrika qit’asida joylashgan Mavrikiy Respublikasi o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlar yo‘lga qo‘yiladi. Dastlabki bosqichda 26-dekabr kuni hamda yanvar oyida Toshkent — Mavrikiy — Toshkent yo‘nalishida jami 4 ta qatnov amalga oshirilishi rejalashtirilgan. Keyingi bosqichda esa 2027-yil iyun oyidan ushbu yo‘nalishda haftasiga bir marta muntazam aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yish ko‘zda tutilgan.
Yangi aviaqatnovning ahamiyati ikki mamlakat o‘rtasidagi transport aloqalarini yaxshilash bilan cheklanmaydi. Mazkur yo‘nalish O‘zbekiston turizm sanoati uchun Afrika qit’asidagi yangi bozorlarga chiqish imkonini beradi. Shu bilan birga, Mavrikiy va boshqa xorijiy davlatlar fuqarolarining O‘zbekistonga tashrif buyurib, mamlakatning boy tarixiy-madaniy merosi va turistik salohiyati bilan tanishishi uchun yangi imkoniyatlar yaratiladi.
Shuningdek, Toshkentning Markaziy Osiyo va MDH davlatlaridan Mavrikiyga yo‘lovchilarni yo‘naltiruvchi tranzit markazlaridan biriga aylanishi ham kutilmoqda. Kelgusida Qozog‘iston, Rossiya va boshqa MDH davlatlaridan sayyohlar Toshkent orqali Mavrikiyga sayohat qilishlari mumkin. Bu esa Toshkentning mintaqaviy aviatsiya xabi sifatidagi salohiyatini oshirish, tranzit yo‘lovchilar oqimini ko‘paytirish va O‘zbekistonning xalqaro turistik yo‘nalishlari geografiyasini kengaytirishga xizmat qiladi.
Tadbirda O‘zbekistonda turizm sohasini yanada rivojlantirish, mamlakatning xalqaro turistik jozibadorligini oshirish va xorijiy sayyohlar oqimini ko‘paytirishga qaratilgan chora-tadbirlar haqida ma’lumot berildi. Xususan, 2026-yildan boshlab har yili iyun–avgust oylarida “Ochiq turizm mavsumi” dasturi amalga oshirilmoqda. Mazkur dastur doirasida turizm bozori ishtirokchilari uchun keng ko‘lamli moliyaviy qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari joriy etilgan. Jumladan, xorijiy mamlakatlardan O‘zbekistonga yangi aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yayotgan mahalliy va xorijiy aviakompaniyalar davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanadi. Ularga har bir jalb qilingan xorijiy turist uchun 100 AQSH dollari miqdorida subsidiya, O‘zbekiston aeroportlari xizmatlaridan foydalanishda 20 foizlik chegirma hamda yangi yo‘nalishlarni ochish bilan bog‘liq xarajatlarning bir qismini qoplash imkoniyati taqdim etiladi.
Uzoq xorij davlatlaridan sayyohlarni jalb qilishda O‘zbekiston rezidenti bo‘lgan turoperatorlar uchun ham qo‘shimcha rag‘batlantirish choralari nazarda tutilgan. Xususan, uzoq xorij mamlakatlaridan jalb qilingan har 1000 nafar turist uchun 5000 AQSH dollari miqdorida subsidiya ajratiladi. Mazkur qo‘llab-quvvatlash choralari turoperatorlarga yangi xorijiy bozorlarga chiqish, marketing faoliyatini kengaytirish va O‘zbekistonga xorijiy sayyohlar oqimini ko‘paytirish uchun qo‘shimcha imkoniyat yaratadi.
Toshkent — Mavrikiy yo‘nalishida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlarning yo‘lga qo‘yilishi O‘zbekistonning xalqaro transport va turizm salohiyatini yanada oshirib, mamlakatni nafaqat turistik manzil, balki mintaqaviy tranzit markazlaridan biri sifatida ham mustahkamlashga xizmat qilishi kutilmoqda.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA