VI Butunjahon ko‘chmanchilar o‘yinlari davom etmoqda
Qirg‘izistonning Issiqko‘l viloyatida VI Butunjahon ko‘chmanchilar o‘yinlari davom etmoqda.
Aytish lozim, 90 dan ortiq mamlakatdan 3 mingdan ziyod sportchi ishtirok etayotgan o‘yinlarning asosiy musobaqalari hamda tadbirlari Bishkek va Cho‘lpon-Ota shaharlarida tashkil etilmoqda.
Etnosportning 43 ta turi bo‘yicha o‘tayotgan o‘yinlarda mamlakatimiz sportchilari musobaqalarning 32 yo‘nalishida sovrinli o‘rinlarga da’vogarlik qiladi.
Yurtimiz sportchilari mas-restling, sambo, armrestling, kurash, belbog‘li kurash, bahodirlar o‘yinlari, uloq-ko‘pkari, bel olish va uchkurash, kamondan otish, ot sporti, sumo, aqliy o‘yin hamda o‘zbek jang san’ati kabi sport turlarida vatanimiz sharafini himoya qilmoqda.
Bugun, 2-sentabr kuni o‘yinlar dasturidan o‘rin olgan bir qator yo‘nalishlarda musobaqalar tashkil etiladi.
Mamlakatimiz vakillari bugun kun davomida milliy yakka kurash turlari, kamondan otish musobaqalari, ot sporti yo‘nalishlarida sovrinli o‘rinlarga da’vogarlik qiladi.
Eslatib o‘tamiz, VI Butunjahon ko‘chmanchilar o‘yinlarining ortda qolgan dastlabki musobaqalar kunida kurash bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi a’zosi No‘monjon Rajabov +90 kilogramm vaznda oltin medalga sazovor bo‘ldi. Uning sharafiga Davlatimiz madhiyasi yangrab, bayrog‘imiz yuksaldi.
Musobaqalar 7-sentabrga qadar davom etadi.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA