Vengriyalik jarroh ko‘chada yurak operatsiyasini o‘tkazib, bemorning hayotini saqlab qoldi
Milliy onkologiya instituti bosh shifokori, vengriyalik jarroh Jolt Dubotski ko‘chada misli ko‘rilmagan noyob jarrohlik amaliyotini o‘tkazib, yuragiga pichoq sanchilgan bemorning hayotini saqlab qoldi, deya xabar bergan mazkur muassasa ma’muriyati.
Dubotski sevimli mashg‘uloti - tez tibbiy yordam vertolyotida shahar uzra aylanish bilan band edi. Shu on ekipaj 30 yoshli erkak duch kelgan baxtsizlik haqida xabar oldi.
Voqea joyiga yetib kelingach, tashxis aniq bo‘ldi: bemorning bir necha daqiqa umri qolgan, kasalxonagacha yetmasligi aniq. O‘z kasbining haqiqiy ustasi hisoblangan shifokor qat’iy qarorga keldi: tez tibbiy yordam qoidasiga amal qilib, jarrohlik amaliyotini darhol, joyida bajarish kerak!
Xullas, jarroh yaradorning ko‘kragini maxsus operatsiya xonasi yoki zamonaviy jihozlarsiz ko‘chada ochdi va yetti daqiqada urib turgan yurakni tikib, bemor ahvolini keyingi davo usullarigacha barqarorlashtirdi.
- Bu Vengriyada misli ko‘rilmagan va hatto Yevropada ham kam uchraydigan tibbiy tadbir, - deya ta’kidlangan institut xabarida.
Dubotski hodisaga izoh berar ekan, shoshilinch tibbiy yordam bilan bog‘liq ayrim hollarda to‘liq sterillik va mikroblar yo‘qotilishini ta’minlash asosiy mezon emasligi, tezlik va samaradorlik juda muhimligini qo‘shimcha qilgan.
S.Rahimov, O‘zA