Fakt va raqam: Qaysi davlatlar eng ko‘p qurol eksport qiladi?
Global xavfsizlik va geosiyosiy muvozanatni tushunishda raqamlar eng ishonchli mezon hisoblanadi, chunki aynan statistika davlatlar o‘rtasidagi asl kuch nisbatini namoyon etadi. “Fakt va raqam” ruknida xalqaro munosabat, harbiy salohiyat va strategik resurslarga oid ma’lumotlar nufuzli manbalarga tayangan holda tahlil qilinadi. Fakt shunchaki taqdim etilmaydi, balki sonlar orqali dunyo tartibi, kuch markazlari va xavfsizlik chizmasi qanday shakllanayotgani ochib beriladi. Shu tariqa o‘quvchi raqam orqali geosiyosiy manzarani to‘liq anglaydi.
Global qurol bozori va yetakchi davlatlar
So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, dunyo qurol eksportida mutlaq yetakchi davlat hisoblanadigan AQSH umumiy miqdorning taxminan 40-42 foizini ta’minlaydi. Keyingi o‘rinlarda Fransiya – 10-11, Rossiya – 9-10, Xitoy – 5-6 vaGermaniya – 4-5 foiz. Ushbu besh mamlakat birgalikda dunyo qurol eksportining qariyb 70 foizdan ortig‘ini nazorat qiladi. Demak, bu bozorda monopoliya kuchli. Italiya, Buyuk Britaniya, Ispaniya, Isroil va Janubiy Koreya ham muhim eksportyorlar qatorida tilga olinadi.
AQSH yetakchiligi tasodifiy emas. Zero, dunyodagi eng rivojlangan harbiy-sanoat majmuasiga ega mazkur mamlakat juda ko‘p armiyalarga yuqori texnologiyali qurollar – qiruvchi samolyot, raketa tizimi va havo hujumidan mudofaa vositalari yetkazib beradi. Amerika quroli asosiy xaridorlari orasida Saudiya Arabistoni, Hindiston, Qatar va Yevropa davlatlari bor. Shu tariqa bu yurt global harbiy ittifoqlardagi o‘rnini mustahkamlagan. Mutaxassislar ta’kidlashicha, Qo‘shma Shtatlar qurol eksporti orqali geosiyosiy ta’sirini kengaytirib kelmoqda. Shu jihatdan qurol savdosi tashqi siyosatning muhim vositasiga aylangan.
Fransiya so‘nggi yillarda qurol eksporti bo‘yicha ikkinchi o‘ringa chiqib, sohada sezilarli o‘sishga erishdi. Mamlakat asosan harbiy aviatsiya, ayniqsa “Rafale” qiruvchi samolyotlari eksporti orqali o‘z pozitsiyasini mustahkamladi. An’anaviy ravishda yirik eksportyor qatorida tan olingan Rossiyaning so‘nggi yillarda geosiyosiy vaziyat va sanksiya sabab ulushi qisqargan. Xitoy arzon va texnologiya jihatidan raqobatbardosh qurollar taklif qilib, rivojlanayotgan davlatlar bozorida tobora o‘z o‘rnini kengaytirmoqda. Germaniya esa asosan dengiz texnikasi va zirhli transport vositalari eksporti bilan ajralib turadi.
Raqamlardan ko‘rinib turibdiki, qurol eksporti global kuchlar o‘rtasidagi raqobatning muhim qismi sifatida iqtisodiy va siyosiy manfaatlarni birlashtiradi. Aslaha savdosi orqali davlatlar o‘z ta’sir doirasini kengaytirishga harakat qilayotgani yaqqol namoyon bo‘lmoqda. Demak, qurol eksporti faqat iqtisodiy emas, balki strategik va geosiyosiy ahamiyatga ega soha.
Qurol importi, geosiyosiy ta’sir va global tendensiyalar
Qurol eksportini to‘liq tushunish uchun tanganing ikkinchi tomoni – importchi davlat va talab doirasini tahlil qilish muhim. Zero, aynan talab bozorni shakllantiradi. SIPRI ma’lumotiga ko‘ra, dunyoda eng ko‘p qurol xarid qiluvchi davlatlar orasida Hindiston, Saudiya Arabistoni, Qatar, Avstraliya va Xitoy yetakchilik qilmoqda. Ayniqsa, Hindiston ko‘p yillardan beri eng yirik importyor sifatida qayd etilib, o‘z armiyasini takomillashtirish uchun turli davlatlardan qurol sotib olmoqda. Yaqin Sharq davlatlari esa xavfsizlik tahdidi va mintaqaviy raqobat sabab ko‘p qurol xarid qilyapti.
So‘nggi yillarda qurol importi geografiyasida sezilarli o‘zgarish kuzatilib, Yevropa davlatlari ulushi ham keskin oshdi. Xususan, Rossiya – Ukraina urushi tufayli ko‘hna qit’a davlatlari harbiy salohiyatni kuchaytirishga alohida e’tibor qarata boshladi va qurol xaridini bir necha karra oshirdi. Mutaxassislar ta’kidlashicha, 2022-2025-yillari Yevropaga qurol yo‘naltirish sezilarli darajada o‘sgan va bu tendensiya yaqin yillarda saqlanib qoladi. Shu bilan birga NATO davlatlari o‘rtasida harbiy hamkorlik kuchayib, qurol bozorida yangi muvozanat shakllanmoqda.
Qurol savdosi faqat iqtisodiy foyda emas, balki siyosiy ta’sir vositasi sifatida ham katta ahamiyatga ega. Ya’ni, eksportchi xaridor bilan uzoq muddatli strategik munosabat o‘rnatadi. Masalan, AQSH qurol eksporti orqali ittifoqchilari bilan harbiy hamkorlikni mustahkamlaydi va xavfsizlik siyosatiga ta’sir o‘tkazish imkoniga ega bo‘ladi. Shuningdek, qurol yetkazib berish ko‘pincha siyosiy qaror, harbiy kelishuv va geosiyosiy manfaat bilan bog‘liq holda amalga oshiriladi. Demak, qurol savdosi global siyosatning muhim vositasi hisoblanadi.
Qurol eksporti bozorida texnologiya omili tobora muhim ahamiyat kasb etmoqda, chunki zamonaviy urushda yuqori texnologiya hal qiluvchi ahamiyat kasb etgan. Dron, havo hujumidan mudofaa tizimi, kiber xavfsizlik vositalari va sun’iy intellektga asoslangan harbiy texnologiya bugungi kunda eng talabgir mahsulotga aylangan. Shu bois qurol eksport qiluvchi davlatlar nafaqat miqdor, balki sifat va innovatsiya bo‘yicha ham raqobatlashmoqda. Bu esa kelajakda qurol bozorida ilg‘or texnologiyaga ega davlatlar ustunlikka erishishini ko‘rsatadi.
Xalqaro tahlilga ko‘ra, global qurol savdosi so‘nggi yillarda barqaror o‘sish namoyon etmoqda. Bu daraja asosan geosiyosiy keskinlik bilan bog‘liq. Yaqin Sharq, Sharqiy Yevropa va Osiyo-Tinch okeani mintaqalaridagi xavfsizlik muammosi qurolga nisbatan talabni oshirib, bozorni yanada faollashtirmoqda. Mutaxassislar ta’kidlashicha, agar geosiyosiy vaziyat barqarorlashmasa, qurol savdosi kelgusi yillarda ham yuqori darajada saqlanadi.
Xulosa qilib aytganda, qurol eksporti va importi global xavfsizlik tizimining ajralmas qismi o‘laroq davlatlar aro munosabatni belgilab beradi. Qurol savdosi orqali mamlakatlar nafaqat iqtisodiy foyda oladi, balki o‘z ta’sir doirasini kengaytiradi, strategik pozitsiyasini mustahkamlaydi. Shu nuqtai nazardan qurol bozori XXI asr geosiyosiy raqobatining eng muhim yo‘nalishlaridan biri bo‘lib qolmoqda.
Musulmon Ziyo, O‘zA