Vengriya delegatsiyasi OKMKda bo‘ldi
Bugungi kunda Olmaliq kon-metallurgiya kombinati o‘zining ulkan ishlab chiqarish salohiyati va strategik xom ashyo zaxiralari bilan xorijiy investorlar uchun yuqori ishonchli va manfaatli hamkor sifatida ko‘rilmoqda. Xususan, OKMKga tashrif buyurgan Vengriyaning O‘zbekiston Respublikasidagi Favqulodda va muxtor elchisi Yojef Roja boshchiligidagi delegatsiya a’zolari ham kombinat bilan manfaatli hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish istagini bildirdi.
Delegatsiya a’zolari va Olmaliq kon-metallurgiya kombinati rahbariyati bilan o‘tkazilgan uchrashuv davomida Vengriya kompaniyalari bilan kombinat o‘rtasida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama etildi. Xususan, Vengriyaning “EU-Roller” kompaniyasi bilan konveyer roliklarini ishlab chiqarish bo‘yicha masalalar ko‘rib chiqildi.

Mehmonlar “Yoshlik 1” koni hududida joylashgan Maydalash va qayta yuklash majmuasida ham bo‘lib, u yerdan 3-Mis boyitish fabrikasining yirik maydalangan ruda omboriga yetkazib berilayotgan ma’danlarni tashish jarayonini kuzatdi.
Ma’lumot uchun, Germaniyaning “Aumund” kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan 6 ta plastinali ta’minlagichlar yordamida tasmali konveyerlar orqali uzunligi 4 ming 200 metrni tashkil etuvchi “FLSmidh” kompaniyasida ishlab chiqarilgan 2 ta magistral konveyerlar orqali ma’dan tashiladi.

O‘z navbatida, har biri 1 500 kVt quvvatga ega bo‘lgan 4 ta konveyer ABB kompaniyasining elektrodvigatellari bilan jihozlangan. Ushbu konveyerlar soatiga 6 500 tonna ma’danni sekundiga 4 metr tezlikda “Yoshlik-1” konidan 3-Mis boyitish fabrikasi hududida joylashgan, umumiy sig‘imi 320 ming tonna bo‘lgan yirik maydalangan ruda omboriga yetkazib beradi.

– Bundan 2 yil avval OKMKga ilk bora kelgandim. O‘tgan 2 yil davomida kombinatda ko‘plab o‘zgarishlar bo‘libdi, – deydi Vengriyaning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Yojef Roja. – Davlatingiz rahbari boshchiligida joriy yilning mart oyida rasman o‘z faoliyatini boshlagan 3-Mis boyitish fabrikasi bizni hayratlantirdi. Ta’kidlash kerakki, fabrika eng zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlangan ekan. Bugun men bilan birga Vengriyaning aynan tog‘-kon sanoati sohasida eng yetakchilardan bo‘lgan kompaniya vakillari ham keldi. O‘ylaymanki, kelgusida qo‘shma loyihalarni ishlab chiqib, hamkorlik munosabatlarini yangi bosqichga olib chiqamiz.

Shuningdek, mehmonlar tashrif davomida 3-Mis boyitish fabrikasi faoliyati bilan ham yaqindan tanishdi.
A.Musayev, O‘zA