Turkiya tibbiy muassasalarining afzalligi nimada?
Turkiya so‘nggi yillarda tibbiyot sohasida ulkan natijalarga erishmoqda. Ushbu mamlakatga dunyoning turli mamlakatlaridan aniq tashhis olish va davolanish uchun kelayotgan bemorlar soni esa yil sayin ortmoqda.
Turkiya Xalqaro sog‘liqni saqlash xizmatlari tashkiloti (USHAŞ) O‘zA muxbiriga bergan ma’lumotga ko‘ra, 2024-yil mamlakatga tibbiy xizmat olish maqsadida 1 million 506 ming 442 kishi, 2025-yil esa 1 million 398 ming 580 kishi kelgan. 2026-yil ikkinchi choragida bu ko‘rsatkich 563 327 nafarga ortgan. Ushbu statistika mamlakatga kelayotgan barcha xorijiy bemorlarni qamrab oladi.
Shu o‘rinda “Bemorlarni Turkiyaga jalb qilayotgan asosiy omil nima?” degan savol tug‘ilishi tabiiy.
Avvalo, bu yerda tashhis qo‘yish va davolash yagona tizimda tashkil etilgan. Kasallik bosqichini aniqlash va davolash usulini belgilashda radiologiya, patologiya, jarrohlik, tibbiy va radiatsion onkologiya kabi bir necha yo‘nalish mutaxassislari birga ishlaydi.
Masalan, Anqaradagi Doktor Abdurahmon Yurtaslan nomidagi Onkologiya ta’lim va tadqiqot shifoxonasi rasmiy ma’lumotiga ko‘ra, birgina ko‘krak saratoniga ixtisoslashgan jarrohlik markazi yiliga taxminan ming nafar bemorga xizmat ko‘rsatadi. Majmuaning radiatsion onkologiya bo‘limida “Cyber Knife”, tomoterapiya, LINAC va operatsiya vaqtidagi radioterapiya kabi texnologiyalar qo‘llanadi.
Istanbuldagi ayrim davlat tibbiy muassasalarida ham zamonaviy radioterapiya usullari qo‘llanmoqda. Jumladan, VMAT, IMRT va IGRT texnologiyalari bemorning holati va davolash rejasiga qarab ishlatiladi.
Gulxane ta’lim va tadqiqot shifoxonasi ko‘krak markazida bemor radiologiya, patologik anatomiya, tibbiy onkologiya, radiatsion onkologiya, plastik va rekonstruktiv jarrohlik hamda yadroviy tibbiyot mutaxassislari ishtirokida tekshiruvdan o‘tadi. Markazda tashhis, biopsiya, jarrohlik va zarur holda rekonstruktiv amaliyot bajariladi.
Ayni yondashuvning ahamiyati shundaki, saratonni davolash usuli o‘smaning turi, bosqichi, biologik xususiyati va bemorning umumiy ahvoliga qarab belgilanadi. Shuning uchun ko‘pchilik Turkiyani tanlamoqda. Aslida shifoxona nomi yoki mamlakat emas, balki aniq tashxis va shunga mos davolash rejasi hal qiluvchi ahamiyatga ega.
O‘zbekistonlik bemorlar Turkiyaga murojaat qilishi sog‘liqni saqlash bo‘yicha shakllangan ikki mamlakat hamkorligi ham muhim omil hisoblanadi. Ma’lumki, 2024-2025-yillarga mo‘ljallangan O‘zbekiston – Turkiya sog‘liqni saqlash sohasidagi qo‘shma harakat rejasi doirasida tibbiy xizmat va tibbiy turizm masalalari atroflicha muhokama qilinib, uzviy hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. Shu yil yanvar oyida esa sog‘liqni saqlash vazirliklari o‘rtasidagi strategik hamkorlikni yanada rivojlantirish rejasi ko‘rib chiqildi.
Bemor uchun geografik yaqinlik, tibbiy jarayon bilan bir qatorda kundalik muloqot va yaqinlar bilan birga harakatlanish imkoniyati ham beqiyos ahamiyatga ega. O‘zbekistondan Turkiyaga borish esa ancha qulay. Istanbul kabi yirik shaharlarda esa turli ixtisoslikdagi shifoxonalar, malakali mutaxassislarni tanlash imkoniyati keng.
Yana bir jihat bor: Turkiya xorijlik bemorlar bilan ishlash uchun maxsus infratuzilma yaratgan. Bemor hujjatini mutaxassisga yetkazish, davolash jarayoni bo‘yicha batafsil ma’lumot olish va tibbiy muassasa bilan bog‘lanish jarayoni shu tizim orqali hal etiladi. Bu bemor uchun tashkiliy masalani ancha yengillashtiradi.
Xulosa qilib aytganda, O‘zbekistondan kelayotgan bemorlar uchun Turkiya ilg‘or tibbiy texnologiya, ko‘p tarmoqli mutaxassislar hamkorligi, madaniy-geografik qulaylik va xorijiy patsiyentlarga xizmat ko‘rsatishning rivojlangan tizimi tufayli jozibali yo‘nalish bo‘lib qolmoqda.
Baribir, har qanday vaziyatda eng muhimi shifoxona tanlash emas, balki kasallikni vaqtida aniqlab, to‘g‘ri va individual davolash rejasini tuzishdir.
Nodira Qayumova, O‘zA
Turkiya