Eng faol kitobxon oilalar aniqlandi
Andijonda mamlakatimiz mustaqilligining o‘ttiz besh yillik bayrami arafasida "Biz - kitobxon oilamiz!” tanlovining viloyat bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Mahallalar, oilalar o‘rtasida kitobxonlik keng targ‘ib etish, oilaviy kitobxonlik an’analarini rivojlantirish, mutolaa madaniyatini yuksaltirish, yoshlarni kitobxonlikka keng jalb etish, mahallalarda kitobxon oilalar harakatini shakllantirish maqsadida O‘zbekiston Mahallalar uyushmasi viloyat boshqarmasi, respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi hamda Yozuvchilar uyushmasi viloyat bo‘limlari hamkorligida o‘tkazilgan tanlovning ochilish marosimida kitobning jamiyatimiz ma’naviy-ma’rifiy hayoti va inson kamolotidagi o‘rni hamda ahamiyati nihoyatda katta ekanligi, kitobni o‘ziga do‘st tutgan inson hayotda albatta, o‘z o‘rnini topishi, hurmat va e’tibor qozonishi, yoshlarning, har bir oilaning kitob o‘qishga qiziqishi, mutolaa madaniyatini oshirish borasidagi ishlarni yanada yuksaltirish muhimligi ta’kidlandi.
Viloyat bosqichida tanlovning tuman, shahar bosqichlarida g‘olib bo‘lgan oilalar ishtirok etib, “Badiiy asarlardan keltirilgan parchalarni sharhlash” hamda “Tezkor savol-javob” shartlari asosida o‘zlarining kitobxonlik borasidagi bilim va salohiyatlarini sinovdan o‘tkazdi.


Qiziqarli, murosasiz bahslar bilan o‘tgan tanlovning yakuniy natijalariga ko‘ra, eng yuqori ball to‘plagan Shahrixon tumani So‘zoq mahallasida yashovchi Zulayho va Ilhomjon Abdujabborovlar oilasi g‘olib deb topildi.
Tanlovda ikkinchi o‘rin Andijon shahrining Mirpo‘stin mahallasida yashovchi Zulxumor va Qahramonjon Tojiboyevlar oilasiga, uchinchi o‘rin esa Buloqboshi tumanidagi Buyuk Turon mahallasida yashovchi Inobatxon va Abdumahmud G‘oziyevlar oilasiga nasib etdi.


G‘olib va sovrindolar tanlov tashkilotchilari tomonidan diplom va esdalik sovg‘alar bilan taqdirlanishdi.
Faxriddin Ubaydullayev,
O‘zA muxbiri