Vatan va millat oldidagi jasorat unutilmaydi
Mamlakatimizning barcha hududlarida bo‘lgani kabi Namangan shahridagi “Xotira xiyoboni”da Xotira va qadrlash kuni hamda fashizm ustidan qozonilgan g‘alabaning sakson bir yilligi munosabati bilan tantanali marosim o‘tkazildi.
Tadbirga yig‘ilganlar ko‘nglida iftixor, bugungi dorilomon kunlarga shukronalik hissi jo‘sh urgan. Butun insoniyatni fashizm balosidan qutqarish uchun jonini qalqon qilgan qo‘rqmas o‘g‘lonlar xotirlandi. Binobarin, mard dilbandlarini kutib, ilhaq o‘tgan munis onalar, vafo timsoli – yorlari, aziz farzandlari boshidan o‘tkazgan musibatlar takrorlanmasin.
Namangan viloyati hokimi, viloyat harbiy-ma’muriy sektori rahbari Shavkat Abdurazzoqov boshchiligidagi rahbarlar, huquqni muhofaza qilish idoralari, boshqarmalar, davlat va jamoat tashkilotlari mutasaddilari, ta’lim muassasalari vakillari, faol yoshlar harbiy orkestr sadolari ostida xiyobondagi “Motamsaro ona” haykali poyiga gullar qo‘ydi.
Ikkinchi jahon urushida mardlarcha halok bo‘lgan minglab vatandoshlarimizning porloq ruhiga hurmat bajo keltirildi. Yig‘ilganlar maydondagi “Xotira kitobi” ni varaqlab, o‘tganlarni yod etdi. Muazzam yodgorlikka gul qo‘yish barcha O‘zbekiston onalariga yuksak hurmat-ehtirom ifodasidir.
Viloyat mudofaa ishlari boshqarmasidan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, Ikkinchi jahon urushi yillarida Namangan viloyatidan frontga otlangan 67 ming 833 kishidan 3 ming 803 nafari janggohlarda halok bo‘lgan, 15 mingdan ortig‘i frontda bedarak yo‘qolgan. 2 ming 26 nafar matonatli vatandoshimiz turli darajadagi ordenlar bilan qaytgan. Soli Adashev, Nabijon Mingboyev, Mixail Fayazov, Abdusattor Rahimov kabi o‘nlab namanganlik o‘g‘lonlar sobiq itifoq qahramoni unvoni bilan taqdirlangan.
Ayni vaqtda Namangan viloyatida ikki nafar urush qatnashchisi hamda yuzlab mehnat fronti faxriylari e’zozu ehtiromda umrguzaronlik qilmoqda. Viloyat hokimligi, “Nuroniy” jamg‘armasi viloyat bo‘limi tashabbusi bilan bayram arafasida ularning har birining xonadonlariga borilib, alohida e’tibor qaratildi.
– Urush faxriylarini e’zozlash, ularning hayot yo‘li va jasoratini yosh avlodga namuna sifatida yetkazish hozir har qachongidanda muhim. Zero, “Xotira va qadrlash kuni” bizning oilamizda unutilmas sana sifatida nishonlanadi.Rahmatli bobom Soli Adashev Ikkinchi jahon urushida katta matonat ko‘rsatib, ayni navqiron, kuchga to‘lgan vaqtida – 21 yoshida sobiq sovet ittifoqi qahramoni unvoniga, qator orden va medallarga sazovor bo‘lganlar, – deydi Namangan shahrida istiqomat qiluvchi Jahongir Adashev. – Bobom mash’um urushda mardonavor kurashganlar. Hatto ayozli qishda og‘ir holatda Dnepr daryosini avtomobilda suzib o‘tganlari, oziq-ovqat, yotoq uchun joy yetishmagani, qorlarning tagida qolib ketganlari haqida ko‘p eshitganmiz. Shahrimizdagi katta ko‘chalardan biri bobojonimning nomi bilan atalishi bizga g‘urur bag‘ishlaydi.
[gallery-29340]
Darhaqiqat, bunday unutilmas marosimlar o‘sib kelayotgan yosh avlod qalbida vatanparvarlik, jasorat, mardlik tuyg‘ularini yuksaltirishi bilan yanada ahamiyatlidir. Zotan, tinchlik va osoyishtalik yo‘lida jonini fido qilgan insonlarni millat aslo unutmaydi.
Oqilxon Dadaboyev, Hotam Mamadaliyev (surat), O‘zA