O‘zbekiston – Xitoy: uchinchi hududlararo forumga tayyorgarlik ko‘rilmoqda
Samarqand viloyati hokimi Adiz Boboyev Xitoyning xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik xalq jamiyati raisi Yan Vanmin bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuvda Samarqand viloyatining Xitoy mintaqalari bilan hamkorlik aloqalari mustahkamlanib borayotgani qayd etilib, amalga oshirilayotgan qo‘shma loyihalar va ularning samarasi, kelgusidagi rejalar haqida so‘z yuritildi.

A.Boboyev bugungi Samarqand viloyati Xitoy Xalq Respublikasining 9 ta hududi bilan birodarlik aloqalarini yo‘lga qo‘yganini ta’kidlab, bu nafaqat savdo-iqtisodiy, balki madaniy-gumanitar sohalarni ham qamrab olganini e’tirof etdi.

Yan Vanmin hamkorlikda amalga oshirilayotgan ishlarni yuqori baholab, ikkinchi hududlararo hamkorlik forumining muvaffaqiyatli o‘tgani va joriy yil may oyi oxiriga qadar uchinchi forumni o‘tkazish ko‘zda tutilayotganini ma’lum qildi. Mazkur forum erishilgan kelishuvlarni mustahkamlash va savdo-iqtisodiy hamda investitsiyaviy sohalarda yangi natijalarga erishishda muhim ahamiyatga ega bo‘lishi aytildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar hududlar uchun manfaatli va umumiy taraqqiyotga xizmat qiladigan amaliy muloqotni yanada kengaytirishga kelishib oldi.
G‘.Hasanov, O‘zA muxbiri