Vatan bayrog‘ini qo‘lga oling
18 noyabr – O‘zbekiston davlat bayrog‘i qabul qilingan kun. Mazkur sana munosabati bilan mamlakatimizda Yangi nafas ommaviy yugurish musobaqasi bo‘lib o‘tadi.
Bu tadbir 2023 yil 19 noyabr kuni O‘zbekistonning 16 shahrida tashkil etilishi kutilmoqda.
Shu kuni mamlakatimizning har bir fuqarosi Vatan ravnaqi, suvereniteti va milliy davlatchiligi g‘oyalari yo‘lida millatni birlashtirishga qaratilgan ommaviy yugurish musobaqasiga qo‘shilishi mumkin.
1991 yil 18 noyabr kuni “O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog‘i to‘g‘risida”gi qonun qabul qilingan. Shu tariqa endigina mustaqillikka erishgan respublika yangi maqom hamda yangi davlatchilik ramziga ega bo‘ldi.
Mana, 32 yildirki mamlakatimizda o‘tkazilayotgan har bir tantanali tadbir davlat bayrog‘i ostida bo‘lib o‘tmoqda. Xalqaro arenalarda yurtdoshlarimiz yutuqlarga erishganda bayrog‘imiz hilpiraydi.
Vatanparvarlik ommaviy yugurish musobaqasining tashkilotchilari Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar, Sog‘liqni saqlash, Ichki ishlar, Favqulodda vaziyatlar, Maktabgacha va maktab ta’limi, Yoshlar siyosati va sport vazirliklari, "Asaka bank", «O‘zbekneftgaz» va O‘zbekiston Yengil atletika federatsiyasidir.
Yangi Nafas ommaviy yugurish musobaqasi Andijon, Namangan, Farg‘ona, Nurafshon, Guliston, Jizzax, Samarqand, Termiz, Navoiy, Buxoro, Qorovulbozor, Qarshi, G‘uzor, Xiva, Nukus va Toshkent shaharlarida yashovchilar tomonidan markaziy ko‘chalar bo‘ylab o‘tkaziladi.
Poytaxtda start va finish zonasi Humo Arena sport-muz majmuasi maydonida joylashadi. Musobaqaning tasdiqlangan konsepsiyasiga ko‘ra, barcha shaharlarda yagona masofa 3 km, Toshkentda esa 3 km va 10 km ni tashkil qiladi.
– O‘zbekistonda ommaviy sport va yuqori natijalarga erishish uchun faol platforma yaratilgan, – deydi O‘zbekiston Yengil atletika federatsiyasi raisi o‘rinbosari Andrey Abduvaliyev. – Bir kun avval qit’amizning eng kuchli yuguruvchilari o‘rtasida o‘tkazilgan yarim marafon bo‘yicha eng nufuzli Osiyo chempionatida sportchilarimiz kumush medalni qo‘lga kiritdi. Sportchilarimiz erishayotgan yuksak natija mamlakatimiz rahbariyati, sport marafonlari va ommaviy yugurish musobaqalarining tashkilotchilari, yugurish klublari hamda O‘zbekiston yengil atletika federatsiyasi tomonidan sportni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlar samarasidir.
Davlat bayrog‘i qabul qilingan kunni nishonlashga, shuningdek, boshqa mamlakatlardan sportchilar va yuguruvchilar ham qo‘shilishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston yengil atletika federatsiyasining tashabbusi bilan 2023 yilda Yangi nafas ommaviy yugurish musobaqasi xalqaro maqomga ega bo‘lib, musobaqada ishtirok etish uchun Qozog‘iston, Tojikiston va Qirg‘izistondan sportchilar hamda yugurish klublari ishtirokchilari taklif etilgan. Yangi Nafas ommaviy yugurish musobaqasi World Athletics xalqaro yengil atletika federatsiyalari assotsiatsiyasining amaldagi qoidalariga muvofiq o‘tkaziladi.
Yangi nafas ommaviy yugurish musobaqasi barcha shaharlarda bir vaqtda, ertalab soat 07:30 da boshlanadi.
Tashkilotchilar ta’kidlaganidek, Bayroq kunini sport yugurish muhitida nishonlash hamjihatlik va do‘stlik kayfiyatini yaratadi va unda yosh cheklovlaridan qat’i nazar, butun oilalar ham ishtirok eta oladi. Unutmang, yosh ishtirokchilar uchun 9 yosh tavsiya etiladi.
Toshkent shahridagi ommaviy yugurish musobaqasida ishtirok etuvchi havaskorlar va sportchilar uchun itisket.uz saytida pullik ro‘yxatdan o‘tish jarayoni ochildi.
Ro‘yxatdan o‘tish uchun havola: https://iticket.uz/ru/events/other-events/yangi-nafas20/28240 .
3 km masofaga yugurishda ishtirok etish narxi – 99 ming so‘m, 10 km masofaga – 149 ming so‘mni tashkil qiladi.
Ro‘yxatdan o‘tganlarga ishtirokchining start paketi 17 va 18 noyabr kunlari soat 10:00 dan 18:00 gacha Toshkent shahri Islom Karimov ko‘chasi, 98a manzilida joylashgan Yengil atletika federatsiyasi binosida beriladi.
(Ma’lumotlar uchun telefon: +998951420184).
Ishtirokchi paketiga quyidagilar kiradi: chipga ega start ko‘krak nishoni; kepka; futbolka (longsliv).
Start paketini olish uchun ularni berish punktiga shaxsan kelish va ro‘yxatdan o‘tgan ishtirokchining QR-kodini taqdim etish kerak bo‘ladi.
3 va 10 km masofalarga yugurish bo‘yicha g‘oliblar 18 yoshdan 35 yoshgacha, 35 yoshdan 55 yoshgacha va undan katta yoshdagi erkaklar va ayollar o‘rtasida yosh toifalari bo‘yicha aniqlanadi hamda ommaviy yugurish musobaqasining eng yosh va eng keksa ishtirokchilari ham alohida sovg‘alar bilan taqdirlanadi. Yuguruvchilar «Absolyut» va «Havaskor» toifalarida sovrinlar uchun kurash olib boradi.
Shuningdek, imkoniyati cheklangan ishtirokchilar uchun ham maxsus nominatsiyalar ajratiladi. Yangi nafas ommaviy yugurish musobaqasiga harbiy xizmatchilar ham qo‘shilib, ular uchun harbiy oliy o‘quv yurtlari o‘rtasida eng yaxshi natijalar uchun maxsus nominatsiyalar belgilab berilgan.
Yangi nafas ommaviy yugurish musobaqasining Toshkentdagi bosqichining g‘oliblari uchun tashkilotchilar tomonidan pul mukofoti jamg‘armasi ajratilgan:
1-o‘rin uchun - 3 000 000 so‘m, 2-o‘rin uchun - 2 000 000 so‘m, 3-o‘rin uchun -1 000 000 so‘m.
Toshkentda g‘oliblar taqdirlanishi 19 noyabr kuni, soat 11:00 da «Paxtakor» sport majmuasi Yengil atletika federatsiyasi stadioni hududida bo‘lib o‘tadi. Viloyatlarda pul mukofoti tashkiliy qo‘mitalar tomonidan shakllantiriladi.
10 km va 3 km masofaga yugurishda finishga yetib kelgan barcha ishtirokchilar maxsus medallar bilan taqdirlanadi.
N.Abduraimova, O‘zA