“UzChess Cup 2026: Vohidov peshqadam, Abdusattorov Erigaisi bilan kuch sinashadi
Toshkentda o‘tkazilayotgan “UzChess Cup 2026” xalqaro turniri keskin tus olmoqda. "Masters" guruhida Vohidov yetakchilikni qo‘lga kiritdi, ammo kuchli raqobat davom etmoqda.
Xalqaro turnirning 5-tur o‘yinlari ostonasida Shamsiddin Vohidov “Masters” guruhida 2,5 ochko bilan peshqadamlik qilmoqda.
Kecha “Masters” guruhida o‘tgan 5-tur o‘yinlarining 3 tasida durang, 2 tasida g‘alaba qayd etilgan bo‘lsa, ushbu turda Shamsiddin Vohidov qora donalarda gretsiyalik Nikolas Teodoruni mag‘lub etdi.
Shuningdek, Nodirbek Yoqubboyev qora donalarda Muhiddin Madaminovdan ustun ekanini namoyish etgan bo‘lsa, Yan Nepomnyashiy (Rossiya) - N.Abdusattorov, A.Erigaisi (Hindiston) - Vidat Gujrati (Hindiston), Neymann Xans Moke (AQSH) - Shaxriyor Mamedyarov (Ozarbayjon) o‘rtasidagi o‘yinlarda murosa yo‘li tanlandi.
Xalqaro musobaqaning “Challengers” guruhida 4 ta tur o‘yinlaridan so‘ng 3,5 ochko jamg‘argan ozarbayjonlik Maxammad Muradli yetakchilik qilayotgan bo‘lsa, turkmanistonlik Saparmurat Atabayev, amerikalik Brendon Jeykobson va hamyurtimiz Muhammadzohid Suyarov 2,5 ochko bilan uni ta’qib etmoqda.
“Futures” guruhida terma jamoamiz a’zosi Humoyun Bekmuratov 3,5 ochko bilan turnir jadvalini boshqarib turibdi.
“Open” guruhida 141 nafar shaxmatchi orasida o‘zbekistonlik Shahzod Hamzayev va rossiyalik Varvara Polyakova 4 ochko bilan g‘oliblikka asosiy da’vogar bo‘lib turibdi.
Aytish lozim, umumiy mukofot jamg‘armasi 121 ming 500 AQSH dollaridan iborat xalqaro turnirning “Masters” guruhida g‘oliblikka erishgan shaxmatchi 20 ming AQSH dollarini qo‘lga kiritadi. Ushbu guruhda ishtirok etgan barcha shaxmatchilarga belgilangan pul mukofotlari taqdim etilsa, “Challengers” guruhi g‘olibi 6 ming, “Futures” guruhida birinchilikni qo‘lga kiritgan ishtirokchi 4 ming hamda “Open” guruhida shohsupaning eng yuqorisiga ko‘tarilgan omadli shaxmatchi 2 ming AQSH dollari bilan taqdirlanadi.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA