O‘zbekiston kriket terma jamoasi Singapurda
Singapurda kriket bo‘yicha 2027-yilgi Osiyo chempionatiga saralash o‘yinlari hisoblangan “Challenger Cup” musobaqasida O‘zbekiston terma jamoasi ishtirok etmoqda.
Bugun, 11-iyun kuni mazkur nufuzli musobaqada ishtirok etayotgan Xitoy, Malayziya, Tailand, Hindiston kabi 30 dan ortiq milliy tema jamoalarning murabbiylari, mutaxassislari ishtirokida mandat komissiyasi yig‘ilishi hamda qur’a tashlash marosimlari tashkil etildi.

– Olimpiya o‘yinlari dasturidan o‘rin olgan mazkur sport turini yaqin besh yilda mamlakatimizda keng ommalashtirish borasidagi sa’y-harakatlar ijobiy natijasini ko‘rsatayotganidan xursandmiz. Jamoamiz o‘tgan yili Xalqaro va Osiyo kriket federatsiyasi bilan olib borilgan muzokaralar, bir nechta davlatlarda o‘tkazilgan o‘quv-yig‘inlarda, musobaqalarda ishtiroki tufayli ushbu nufuzli musobaqada qatnashish huquqiga ega chiqdi. Maqsadimiz yaxshi natijalar qayd etib, xalqaro kriket maydonida O‘zbekistonning o‘z o‘rni bo‘lishini namoyish etish, – deydi O‘zbekiston kriket federatsiyasi raisi Aziz Mixliyev.

Qur’a natijalariga ko‘ra, O‘zbekiston terma jamoasi nufuzli musobaqaning “D” guruhida Kambodja, Indoneziya jamoalari bilan joy oldi.
O‘yinlar taqvimiga ko‘ra, Murtoza Chug‘toy bosh murabbiyligidagi O‘zbekiston kriket milliy terma jamoasi ertaga, 12-iyun kuni “Challenger Cup” musobaqasidagi ilk o‘yinni Kambodja terma jamoasiga qarshi o‘tkazadi.
Turnir 20-iyunga qadar davom etadi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA