Ustozga ehtirom: ilm, ixlos va ibrat yo‘li
O‘qituvchilik — shunchaki kasb emas. Bu inson qalbiga ilm, tarbiya va ezgulik urug‘ini qadash, shogird taqdirida o‘zidan iz qoldirish mas’uliyatidir. Chin ustoz o‘z bilimini berish bilangina cheklanmaydi — shogirdiga hayot yo‘lini ko‘rsatadi, uning dunyoqarashini shakllantiradi, ezgulik va kamolot sari yetaklaydi.
Ustozning mas’uliyati va mamnuniyati nimalarda ekani haqida Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti folklorshunoslik va shevashunoslik kafedrasi dotsenti Abdumurod Tilovov bilan suhbatlashdik.
—Bugun siz ko‘plab talabalarning sevimli ustozisiz. Bunday e’tibor va hurmat o‘z-o‘zidan paydo bo‘lmaydi. Sizning o‘qituvchilik kasbini tanlashingizga kimlar sababchi bo‘lgan?
— Sa’diy Sheroziy hazratlari «Guliston» asarida bir go‘zal hikoyat keltiradilar. Bir kishi hammomda oddiy loy parchasini ko‘rib, uning xushbo‘yligiga hayron bo‘ladi. Shunda loy parchasi tilga kirib: «Men oddiy bir loy edim, ammo ma’lum muddat atirgul bilan yonma-yon bo‘ldim», deydi. Ya’ni undagi xushbo‘ylik o‘zidan emas, atirguldan o‘tgan.
Ustoz-shogird munosabatini men shu hikoyatga qiyoslayman. Agar bugun meni siz aytganingizdek, ustoz maqomida ko‘rayotgan bo‘lsangiz, buning sababi, avvalo, mening ustozlarimdir.
Maktabda adabiyot fanidan dars bergan Safar Umrzoqov ustozimiz, oliy ta’lim dargohida esa filologiya fanlari nomzodi, dotsent Omonulla Madayev ustozimiz menga ustozlik yo‘lini ko‘rsatgan insonlardir. Men ulardan ilm bilan birga tarbiya, odob, hayot sabog‘ini ham oldim.
— Ilk bor dars bergan yillaringizni eslaysizmi? O‘sha paytda o‘zingizni ustoz sifatida qanday tasavvur qilar edingiz?
— Bu savol meni yana ustozlarim xotirasiga qaytardi. Chunki biz dars berishdan avval o‘sha ustozlarning darslarini tinglab, ulardan o‘rganganmiz.
Safar Umrzoqov ustozimiz bilan bog‘liq bir voqea hech yodimdan chiqmaydi. Bir kuni darsda Berta Davidova ijrosidagi «Munojot»ni qo‘yib: «Sizlar eshitib turinglar», deb o‘zlari chiqib ketdilar.
Yoshmiz, o‘quvchimiz. Bir payt yonimdagi o‘rtog‘im bilan gaplashib, chalg‘ib qoldim. Xuddi shu paytda ustoz kirib keldilar. Menga qarab: «Men sendan umidim katta-ku! Sen adabiyotdek go‘zal sohani tanlagansan. Adabiyotni tanlagan inson hech qachon g‘aflatda bo‘lmasligi kerak. Vaqtning qadriga yetishi kerak. Hatto toshning yonidan ham befarq o‘tishga haqqi yo‘q», dedilar.
Ustozning bu gaplari o‘sha paytda menga oddiy tanbehdek tuyulgandir. Ammo keyinchalik uning asl ma’nosini angladim. Bu gaplar menga bir umrga hayot darsi bo‘lib qoldi.
Adabiyot — faqat kitob o‘qish emas. Unda dard, tuyg‘u, inson qalbi bor. Shuning uchun adabiyot bilan shug‘ullangan inson hayotga befarq bo‘lmasligi kerak.
— Sizningcha, chin ustoz qanday bo‘lishi kerak?
— Ustozlik ulug‘ maqom. Biz ustoz deganda o‘zimizga saboq bergan buyuk insonlarni tasavvur qilib ulg‘ayganmiz. Hanuz ana shunday ustoz bo‘lish orzusida harakat qilyapmiz. Omonulla Madayev ustozimdan juda ko‘p ibrat olganman. Ustozning darslariga qayta-qayta kirish baxti menga nasib qilgan.
Bir kuni «Nutq madaniyati» darsida Furqatning:
«Nuqta lab ustida beҷodur dedim, aydi kulib:
Sahl qilmish kotibi qudrat magar tahrirda», degan misralarini sharhlab berdilar.
O‘sha darslarda men ustozlikning yana bir muhim jihatini anglaganman: bilimni shunchaki yetkazish emas, uni o‘quvchi qalbiga olib kirish kerak.
Hazrat Alisher Navoiy «Layli va Majnun» dostonining oxirida: «Somi’ necha bo‘lsa dardparvar, afsonada ham kerakdurur dard», deydilar. Ya’ni, tinglovchi oldida biror narsani aytayotgan inson uni dard, ixlos va muhabbat bilan aytishi kerak.
Menimcha, ustozlikning eng muhim mezonlaridan biri ham shu — ilm, amal va ixlosning birligi.
— Ustozlikning mas’uliyati haqida ko‘p gapiriladi. Siz bu mas’uliyatni qanday tushunasiz?
— Yaqinda ijtimoiy tarmoqda bir ma’rifatli insonning kasb tanlash haqida aytgan fikrlariga duch keldim. Undagi to‘rt mezon menga juda ta’sir qildi.
Birinchidan, inson shunday kasb tanlashi kerakki, shu kasb orqali elga, yurtga va insonlarga ko‘proq naf keltirsin. Ikkinchidan, o‘sha kasb bilan kunning istalgan paytida erinmasdan, malollanmasdan shug‘ullanishga tayyor bo‘lishi kerak. Uchinchidan, kasbga shunday mehr qo‘yish kerakki, zarurat tug‘ilsa, hatto maoshsiz ishlashga ham ko‘ngli rozi bo‘lsin. To‘rtinchidan esa, hayotining so‘nggi lahzasigacha o‘sha kasbidan rozi bo‘lib yashay olsin.
Ustozlik ham ana shunday mashaqqatli va mas’uliyatli kasblardan biridir. Chunki ustozning qo‘lida faqat bir dars emas, inson taqdiri turadi.
— Siz ustozlaringizdan olgan saboqlardan birini hayotiy misol bilan eslay olasizmi?
— Omonulla Madayev ustozimning kamtarligi men uchun alohida maktab bo‘lgan. Bir kuni Navoiyxonlik tadbiriga birga ketayotgan edik. Men ustozga taqlid qilib: «Ustoz, men ham bu yil Hazrat Navoiydan yangi bir narsa o‘rgandim», dedim.
U kishi: «Nima o‘rgandingiz?» deb so‘radilar.
Men Hazrat Navoiyning: «Kimsaga gar g‘am yetar, g‘amxori bo‘lsa, g‘am emas,
Ul erur g‘amkim, yetib g‘am, topmag‘ay g‘amxorlig‘», degan baytini aytdim.
Ustoz mashinani to‘xtatishni so‘radilar. Orqa o‘rindiqdagi sumkalaridan qog‘oz-qalam olib, baytni aytib berishimni so‘radilar va o‘zlari yozib oldilar.
Mana shu holat men uchun katta saboq bo‘lgan. Shogirdidan ham nimanidir o‘rganishga tayyor bo‘lgan insonning buyukligi, avvalo, uning kamtarligida ko‘rinadi.
— Ustozingiz Omonulla Madayevning shogirdlik hayotingizdagi o‘rni haqida yana nimalarni ayta olasiz?
— Ustozning fazilatlarini sanab adog‘iga yetish qiyin. Men oddiy bir qishloq farzandiman. Hayotimdagi eng unutilmas voqealardan biri — nikoh to‘yim. Ustozni hurmat yuzasidan to‘yga taklif qilgan edim. Rostini aytsam, kelishlariga ko‘zim yetmasdi.
Ammo to‘y kuni ustoz yana bir hamrohlari bilan Navoiydagi Dehibaland qishlog‘imizga kirib keldilar. To‘yda qilgan nutqlari, bergan tabriklari hamon qishloqdoshlar orasida eslab yuriladi. Bu voqea men uchun ustozning shogirdiga bo‘lgan e’tiborini, mehrini ko‘rsatadigan unutilmas xotira bo‘lib qolgan.
— Sizning ma’naviy olamingizda Hazrat Alisher Navoiyning o‘rni ham alohida. Bu borada kimdan saboq olgansiz?
— Ustoz va murabbiylar bayrami munosabati bilan qo‘qonlik ustozim Ibrohimjon Sa’dullayevni ham alohida tilga olmoqchiman. Asl kasblari shofyorlik bo‘lib, o‘ttiz besh yildan ortiq xalq xizmatida bo‘lgan bu inson menga Hazrat Navoiyni qanday o‘qish, qanday sevish va qanday tushunishni o‘rgatdilar.
Qaysidir ma’noda, ustozlik faoliyatimda ham Ibrohimjon ustozdan juda ko‘p narsalarni o‘rgandim. U kishi bilan birgalikda Hazrat Alisher Navoiyning asarlari, hikmatlari va shoh baytlarini zamonaviy tilda tushuntirish, tabdil qilish borasida hamkorlik qildik. Bu jarayon bizga ko‘plab hurmat-ehtiromlar olib keldi.
Ko‘rib turganingizdek, ustozini ardoqlagan shogirdning o‘zi ham aziz bo‘ladi. Zero, ustozning qoldirgan eng katta merosi — uning shogirdlari. Ustozdan ustozga, avloddan avlodga o‘tadigan ilm, tarbiya va ma’naviyat esa jamiyat taraqqiyotining eng mustahkam poydevoridir.
O‘zA muxbiri
Sherbek Islomov
suhbatlashdi.