O‘zbekistonning xalqaro ta’lim hamkorligidagi mavqei mustahkamlanmoqda
Mamlakatimizning ta’lim sohasidagi xalqaro hamkorligini kengaytirish, xalqaro baholash tadqiqotlaridagi ishtirokini mustahkamlash hamda ilg‘or tajribalarni o‘rganishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu borada xalqaro ta’lim tashkilotlari bilan hamkorlikni rivojlantirish muhim.
Joriy yilning 5–8-oktabr kunlari Polshaning Varshava shahrida Ta’limdagi yutuqlarni baholash xalqaro assotsiatsiyasi (IEA) Bosh Assambleyasining 67-sessiyasi bo‘lib o‘tmoqda.
Sessiyada 50 dan ortiq mamlakatdan ta’lim vazirliklari, ilmiy-tadqiqot institutlari va universitetlarning 120 dan ziyod vakili ishtirok etmoqda.
Tadbirda IEA faoliyatining strategik yo‘nalishlari, PIRLS va TIMSS xalqaro baholash tadqiqotlarining kelgusi bosqichlari, yangi tadqiqot tashabbuslari hamda xalqaro hamkorlikka oid masalalar muhokama qilinadi. Jumladan, mazkur tadbirda Abdulla Avloniy nomidagi institut rektori Abduvali Ismoilov boshchiligidagi vakillar ham ishtirok etmoqda, deyiladi institut axborotida.
Unda O‘zbekiston ta’lim tizimi, Institut faoliyati va xalqaro baholash tadqiqotlari doirasida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan muhokamalar bo‘lib o‘tmoqda. Mazkur tadbirda Abdulla Avloniy nomidagi institut IEAga a’zoligi masalasi Bosh Assambleya vakillari tomonidan ovozga qo‘yiladi, deyiladi ma’lumotda.
Ma’lumot o‘rnida aytish joizki, IEA Bosh Assambleyasi tashkilotning eng yuqori qaror qabul qiluvchi organi bo‘lib, unga a’zolik xalqaro tadqiqotlar va strategik tashabbuslar bo‘yicha qarorlar qabul qilish jarayonida ishtirok etish, kafolatlangan o‘rniga ega bo‘lish huquqini beradi. Shuningdek, dunyo ta’limiga oid muhim qarorlar qabul qilinishida ham a’zolikning o‘rni muhim.
Eslatib o‘tamiz, Ta’limdagi yutuqlarni baholash xalqaro assotsiatsiyasi (IEA) Bosh Assambleyasiga O‘zbekistonning a’zolikka kirish masalasi 2023-yilda birinchi marta taklif etilgan. 2026-yilda esa ushbu taklif IEA Doimiy qo‘mitasi (Standing Committee) tomonidan ko‘rib chiqildi va Bosh Assambleya kun tartibiga kiritildi.
M. Hojiakbarova, O‘zA