Universitet xalqaro reytingda yuksalmoqda
Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universiteti ilk bor Times Higher Education Sustainability Impact Ratings – 2026 xalqaro reytingida dunyo universitetlari orasida 601-800 o‘rinlar diapazonida qayd etildi.
So‘nggi yillarda O‘zbekistonda oliy ta’lim tizimini modernizatsiya qilish, uni xalqaro standartlarga muvofiqlashtirish hamda universitetlarni global akademik maydonga integratsiya qilish bo‘yicha keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda.
Reyting natijalariga ko‘ra, universitet BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlari bo‘yicha bir qator yo‘nalishlarda yuqori ko‘rsatkichlarni qayd etgan. Jumladan, sifatli ta’lim bo‘yicha 101-200 o‘rin, barqaror shaharlar va aholi punktlari bo‘yicha 201-300 o‘rin, arzon va toza energiya hamda sanoat, innovatsiyalar va infratuzilma yo‘nalishlarida 301-400 o‘rin, shuningdek, qashshoqlikka barham berish va xalqaro hamkorlik bo‘yicha 401-600 o‘rin, gender tengligi yo‘nalishida esa 601-800 o‘rinni egallagan.
Bu natijalar universitet faoliyatida nafaqat ta’lim, balki ijtimoiy va ekologik masalalarga ham alohida e’tibor qaratilayotganligidan dalolat beradi.
Darhaqiqat, yurtimizda oliy ta’lim tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar o‘z samarasini berib, universitetlar xalqaro akademik muhitga tobora faol integratsiyalashmoqda. Natijada esa ta’lim sifati yaxshilanib, ilmiy izlanishlar ko‘lami kengaymoqda hamda talabalar uchun yangi imkoniyatlar yaratilmoqda.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri