U o‘z so‘zi va ovoziga ega, mohir jurnalist edi
El-yurt dardi bilan yashagan insonlar hayotdan ketsa ham, nomi dillardan ketmaydi, xotiralarda mangu yashab qoladi. O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasining a’zosi, o‘z so‘zi va ovoziga ega, taniqli jurnalist Muqumboy Ismoilov ana shunday insonlardan edi. U haqida gapirganing sayin u yiroqlashmaydi, aksincha, yanada yaqinlashib kelaveradi.

Muqumboy bilan o‘n yilcha birga ishladik. Shu yillar davomida bir narsani angladim: u jurnalistika bilan shug‘ullanmadi — u jurnalistikada yashadi.
“Adolat”, “Qishloq hayoti”, “Jizzax haqiqati”, “Ishonch” gazetalari, keyin esa internet davri kelganda “Jizzax ovozi” va “Shiddat.uz”… Bu nomlar uning faqat ish joyi emas, balki uning hayot tarzi edi.
Lekin Muqumboyni to‘la tushunish uchun bu ro‘yxat yetarli emas.
Uning eng katta mavzusi — odam edi.
U har qanday masalani qog‘ozga emas, inson yuzi, dard, tashvishlariga qarab hal qilardi. Shuning uchun ham uning so‘zlari quruq emas, tirik, jarangdor, zalvorli edi.
Bir voqea hanuz esimda.
Rossiyada ishlab yurgan ukasining boshiga og‘ir musibat tushganda, u hammasini tashlab, o‘sha yoqqa ketgandi. Tog‘ bo‘lib ukasining yonida turgandi.

U odamni og‘ir ahvolda tashlab ketolmasdi. Uning qalbida yana bir ulug‘ orzu bor edi: “Ijodkorlar bog‘i” ni yaratish. Bu balki uning bir umrlik orzusi edi. U yaralmish bog‘da jurnalistlarning orzu, o‘ylari, intilishlarini, bir so‘z bilan aytganda, jo‘shqin hayoti va ijodlarini mujassam etmoqchi bo‘lgandi. O‘tganlarning xotirasi, zahmatli mehnatlarining izini qoldirmoqchi edi. Balki endi bu bog‘ni yaratishni uning do‘stlari o‘z zimmasiga olar.
Vafotidan bir kun oldin o‘zining bu rejalarini menga gapirib bergandi…
Afsus… ba’zan ajal orzu, rejalarning amalga oshishini kutib turmaskan.
U Matbuot kuniga sanoqli kunlar qolganda olamdan o‘tdi. Bir necha kundan keyin uylarida to‘y bo‘lishi, oilada yangi quvonchlar kutilayotgan edi.

Lekin u qoldirgan muhit qoldi. Davra jonlanadigan, odamlar o‘zini erkin his qiladigan, kulgi tabiiy chiqadigan muhit.
Inson umri yillar bilan emas, qoldirgan izi bilan o‘lchanadi deyishadi. Muqumboy Ismoilov ham odamlar, do‘stlari qalbida o‘ziga xos, o‘chmaydigan iz qoldirib ketdi.
Said Donishev, jurnalist
O‘zA