UN-Water O‘zbekistonni suv tejashda sezilarli natijalarga erishgan mamlakatlar qatoriga kiritdi
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Agrar va suv xo‘jaligi masalalari qo‘mitasining kengaytirilgan yig‘ilishida Suv xo‘jaligi vazirligi hamda Suv xo‘jaligi ob’ektlari xavfsizligini va suvdan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasining “Byudjet mablag‘laridan foydalanish bilan bog‘liq maqsadli indikatorlar va tashkilot rahbarlari tomonidan samaradorlik ko‘rsatkichlari bajarilishi hamda sohada Barqaror rivojlanish maqsadlarining ijro etilishi to‘g‘risida”gi axboroti eshitildi.
Axborotda keltirilganidek, 2026-yilning 8 oyi davomida suv tejovchi va raqamli texnologiyalarni joriy etish, irrigatsiya tadbirlari, yerlarni lazerli tekislash hamda agrotexnik tadbirlar hisobiga 9 mlrd. 457 mln kub metr suv tejalgan. Respublika bo‘yicha suvni tejaydigan texnologiyalar 640,2 ming gektar maydonda joriy etilgan. Yil yakuniga qadar suv tejamkor texnologiyalar qamrovini 660,2 ming gektarga, tejaladigan suv hajmini esa 11 mlrd. kub metrga yetkazish rejalashtirilgan.
Bugun suv resurslarini boshqarishni raqamlashtirish eng muhim masalalardan biridir. Bu borada “Suv hisobi”, “Suv kadastri”, “Suv xo‘jaligi ob’ektlari”, “Xavfni tahlil qilish” va “Aqlli suv” axborot tizimlari joriy etilgani, 99,1 ming nafar suvdan foydalanuvchining 25,5 mlrd. kub metrlik suv olish limiti axborot tizimiga kiritilgani e’tiborga molik.

Ta’kidlanganidek, 2026-yil III choragida Suv xo‘jaligi vaziri va uning o‘rinbosarlari faoliyati bo‘yicha 41 ta asosiy samaradorlik mezoni belgilangan. 1-sentabr holatiga vazirlikning o‘rtacha KPI ko‘rsatkichi 83 foizni, Suv xo‘jaligi ob’ektlari xavfsizligini va suvdan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasi rahbarining ko‘rsatkichi esa 75 foizni tashkil etgan.
Suv inspeksiyasi tomonidan joriy yilning 8 oyida 4 ming 692 ta nazorat tadbiri o‘tkazilib, 8 ming 932 ta kamchilik aniqlangan. Mazkur holatlarning 4 ming 317 tasi suvdan nooqilona foydalanish, 858 tasi suvni o‘zboshimchalik bilan egallash, 763 tasi suv xo‘jaligi ob’ektlari va qurilmalaridan foydalanish qoidalarini buzish, 683 tasi esa suv hisobini yuritmaslik bilan bog‘liq.
Yig‘ilishda BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlari doirasida suv xo‘jaligi sohasida amalga oshirilayotgan ishlarga ham alohida e’tibor qaratildi. Qayd etilganidek, 2026-yilda UN-Water tomonidan O‘zbekiston suv tejash bo‘yicha sezilarli natijalarga erishgan mamlakatlar qatorida qayd etilgan. Joriy yilning 8 oyida suv resurslarini samarali boshqarish, suv tejovchi va raqamli texnologiyalarni joriy etish, irrigatsiya tadbirlari hamda yerlarni lazerli tekislash hisobiga 9 mlrd 457 mln kub metr suv tejalgan.

Muhokamalarda qo‘mita a’zolari Barqaror rivojlanish maqsadlari ijrosini suv xo‘jaligida ta’minlashda erishilgan natijalarni hududlar kesimida aniq indikatorlar asosida baholash tizimini yaratish, suvni tejash bo‘yicha hisob-kitoblarning shaffofligi va ishonchliligini ta’minlash zarurligini bildirdilar. Suvdan nooqilona foydalanish, suvni o‘zboshimchalik bilan egallash, suv hisobini yuritmaslik kabi qonunbuzilish holatlari hanuz yuqori darajada saqlanib qolayotgani, aniqlangan 8,9 mingdan ziyod kamchiliklarning kelib chiqish sabablarini tizimli bartaraf etish zarurligi ta’kidlandi.
Suvdan samarali foydalanish, suv hisobini to‘liq raqamlashtirish, zamonaviy o‘lchov vositalarini keng joriy etish hamda nazoratning ta’sirchanligini oshirish bo‘yicha takliflar bildirildi.
Muhtarama Komilova, O‘zA