Umumta’lim maktabida hunarmandchilik sayli
Sirdaryo tumanidagi 27-umumta’lim maktabida yoshlarning badiiy didini shakllantirish, milliy va zamonaviy san’atga qiziqishini kuchaytirish hamda ijodiy salohiyatini rivojlantirish maqsadida Xalqaro tasviriy va amaliy san’at festivali doirasida “Hunarmandchilik sayli” tashkil etildi.
Mazkur tadbir O‘zbekiston badiiy ijodkorlar uyushmasi Sirdaryo viloyat bo‘limi, Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi hamda Sirdaryo tumani 27 - umumiy o‘rta ta’lim maktabi hamkorligida o‘tkazilib, o‘quvchilarni milliy hunarmandchilik an’analariga yanada yaqinlashtirishni maqsad qildi.
Sayl davomida o‘quvchilar o‘z qo‘l mehnati bilan yaratgan ijodiy ishlarini keng jamoatchilikka namoyish etdilar. Ko‘rgazmada kashtachilik, kulolchilik, yog‘och o‘ymakorligi, milliy naqshlar asosida tayyorlangan buyumlar hamda turli dekorativ san’at namunalari o‘rin oldi. Har bir ishda o‘quvchilarning mehnati, izlanishi va milliy qadriyatlarga bo‘lgan hurmati yaqqol aks etdi.
– Bunday tadbirlar o‘quvchilarimizning ijodiy salohiyatini namoyon etish, ularni milliy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash hamda kasb-hunarga bo‘lgan qiziqishini oshirishda muhim ahamiyatga ega. Har bir o‘quvchidagi iste’dodni aniqlash va uni rivojlantirish maktabimizdagi ta’lim-tarbiya jarayonining asosiy yo‘nalishlaridan biridir, – deydi maktab direktori Ikromjon Shoimov.
[gallery-28979]
Tadbir doirasida sahnaviy chiqishlar ham tashkil etilib, o‘quvchilar milliy urf-odatlar, an’anaviy hunarmandchilik jarayonlari va xalq og‘zaki ijodiyotini aks ettiruvchi kompozitsiyalar namoyish etdilar. Shuningdek, qadimiy merosimizni yodga soluvchi arqon tortish, tosh ko‘tarish kabi sport o‘yinlari, pazandachilik, tikuvchilik, bichuvchilik hamda hunarmandchilikka oid ko‘rgazma va tanlovlar ham o‘tkazildi.
Tadbirda pedagoglar jamoasi, mahalla xotin-qizlar faollari, nuroniylar va faxriy o‘qituvchilar ishtirok etib, o‘quvchilarning ijodiy ishlari va iqtidorini baholadilar.
– Hunarmandchilik ko‘rgazmasida ishtirok etib, farzandlarimizning nafaqat bilim, balki hunarmandchilik va sport sohasidagi iqtidorini ko‘rib, juda quvondim. Bundan 50–60 yil oldin biz maktabda o‘qigan davrlarda bunday imkoniyatlar yo‘q edi.Bugun esa farzandlarimiz uchun yaratilgan shart-sharoitlarni ko‘rib, shukrona qilamiz, – deydi O‘sarqul bobo.
Ta’kidlanishicha, bunday tadbirlar yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, ularning ijodiy salohiyatini yuzaga chiqarish, kasb-hunarga yo‘naltirish hamda milliy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalashda muhim ahamiyat kasb etadi.
G‘ulom Primov, Umid Obidjonov (surat), O‘zA