“Hamshira–2026”ning sirdaryolik g‘oliblari
Guliston shahrida Sog‘liqni saqlash xodimlari kasaba uyushmasi Sirdaryo viloyat kengashi tashabbusi hamda viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi, O‘zbekiston Hamshiralar assotsiatsiyasi Sirdaryo viloyat bo‘limi hamkorligida an’anaviy tarzda o‘tkazilayotgan “Hamshira – 2026” ko‘rik-tanlovining viloyat bosqichi yuqori saviyada, katta tayyorgarlik va uyushqoqlik asosida tashkil etildi.
Mazkur tanlov sohaga sadoqat bilan xizmat qilayotgan, kasbiy mahorati va insonparvarlik fazilatlarini namoyon etayotgan hamshiralarni aniqlash, ularni rag‘batlantirish hamda o‘zaro tajriba almashinuvini yanada kuchaytirishga xizmat qilishi bilan ahamiyatli bo‘ldi. Tanlov ishtirokchilari uchun yaratilgan shart-sharoitlar va musobaqa muhiti ham yuqori talablar asosida shakllantirilgani ta’kidlandi.

Ko‘rik-tanlovda viloyatning turli tibbiyot muassasalaridan saralab olingan 14 nafar hamshira ishtirok etib, to‘rtta shart asosida o‘zlarining nazariy bilimlari, amaliy ko‘nikmalari hamda kasbiy mahoratini sinovdan o‘tkazdilar. Hakamlar hay’ati tomonidan ishtirokchilarning tibbiy bilim darajasi, bemorlar bilan muomala madaniyati, shoshilinch vaziyatlarda to‘g‘ri va tezkor qaror qabul qilish qobiliyati, shuningdek, mehnat faoliyatidagi mas’uliyati alohida e’tibor bilan baholandi.
– Tadbir davomida har bir ishtirokchining o‘z kasbiga sadoqati, inson hayotiga bo‘lgan mas’uliyatli yondashuvi va amaliy tayyorgarligi xolisona mezonlar asosida baholanib, soha rivoji uchun muhim xulosalar chiqarildi, – deydi Sog‘liqni saqlash xodimlari kasaba uyushmasi Sirdaryo viloyat kengashi raisi Akbarxon Asqarov.

Tanlov yakuniga ko‘ra, Respublika shoshilinch tibbiy yordam markazi Sirdaryo viloyat filiali reanimatsiya bo‘limi hamshirasi Sarvinoz Mamatqulova faxrli 1-o‘rinni qo‘lga kiritdi va u tanlovning respublika bosqichida viloyat sharafini himoya qilish huquqini qo‘lga kiritdi.
2-o‘rin Sayxunobod tuman tibbiyot birlashmasi yuqumli kasalliklar bo‘limi navbatchi hamshirasi Mushtariy Turdibayevaga, 3-o‘rin esa Xovos tuman tibbiyot birlashmasi Farhod oilaviy shifokorlik punkti hamshirasi Adiba G‘ofurovaga nasib etdi.

G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri