Ultramarafon harakati yangi bosqichga ko‘tarilmoqda
Jizzax viloyatining “Zomin” milliy tabiat bog‘i yana bir bor sport, madaniyat va ekologik tafakkur chorrahasiga aylandi. “Samarkand Marathon” xalqaro yugurishlar seriyasi doirasida tashkil etilgan “Zaamin Ultra – 2026” ikki kun davomida nafaqat minglab ishtirokchilarni, balki sog‘lom turmush tarzi, yashil turizm va tabiat bilan uyg‘un yashash g‘oyalarini ham bir nuqtaga jamladi. Archa iforlari ufurgan tog‘lar bag‘rida kechgan ushbu yirik tadbir O‘zbekistonda sport turizmini rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan islohotlarning yorqin amaliy ifodasi bo‘lib namoyon bo‘ldi.
Zomin tog‘lari bu safar ham mehmonlarini ko‘klam nafasi, musaffo havosi va beqiyos manzaralari bilan qarshi oldi.

Birinchi kun dasturi an’anaviy sport musobaqasidan ko‘ra kengroq mazmun kasb etdi. Bolalar uchun tashkil etilgan “Kids Run” startlari kichik ishtirokchilarning quvonchiga aylangan bo‘lsa, ikki kilometrlik ommaviy yugurish sog‘lom turmush tarzi tarafdorlarini bir safga jamladi.

Kunning ikkinchi yarmida start-finish shaharchasi haqiqiy festival maydoniga aylandi. Mahalliy hunarmandlar ko‘rgazmalari, rassomlar ijod namoyishlari, ochiq osmon ostidagi san’at loyihalari va konsert dasturlari sport bilan madaniyatning tabiiy uyg‘unligini yaqqol namoyon qildi. Tog‘ bag‘rida yangragan musiqa, archazorlar uzra taralgan qo‘shiqlar va sayyohlar qadamlari bir-biriga qorishib, Zominning betakror muhitini yanada jozibador qildi.

Bu jarayonlar mamlakatda ichki va tashqi turizmni rivojlantirish, hududlarning turistik jozibadorligini oshirish borasida amalga oshirilayotgan davlat siyosatining amaliy natijalarini ham ko‘rsatdi. Sport tadbiri atrofida shakllangan madaniy muhit Zominning imkoniyatlarini yana bir bor namoyon etdi.
Ikkinchi kun sahar pallasida Zomin tog‘lari eng jasur ishtirokchilarni qarshi oldi. Soat 06:00 da ultramarafonchilar 50 kilometrlik yo‘nalish bo‘ylab start chizig‘ini ortda qoldirdi.

Bu yo‘nalish oddiy musobaqa emas, balki inson irodasining haqiqiy imtihonidir. Marshrut davomida qatnashchilar 1638 metrlik balandlikni zabt etishlari lozim bo‘ldi. Qoyalar, tik qiya yo‘llar va tog‘ havosining o‘ziga xos sinovlari har bir qadamni matonat darsiga aylantirdi.
50 kilometrlik start ortidan 21, 10 va 5 kilometrlik yo‘nalish ishtirokchilari ham yo‘lga chiqdi. Tog‘ yo‘llari bo‘ylab cho‘zilgan insonlar oqimi, tomoshabinlarning samimiy qo‘llab-quvvatlovi va tabiatning betakror manzaralari musobaqaga alohida ruh bag‘ishladi.

So‘nggi yillarda “Zaamin Ultra”ga qiziqish tobora oshib borayotgani ham e’tiborga molik. Ayniqsa, 50 kilometrlik masofada qatnashuvchilar sonining qariyb ikki barobarga ortib, 170 nafarga yaqinlashgani ultramarafon harakati mamlakatimizda yangi bosqichga ko‘tarilayotganini ko‘rsatdi.
Bu yilgi musobaqaning yana bir ahamiyatli jihati shundaki, Zomindagi 50 kilometrlik yo‘nalish kuz faslida Orolbo‘yida ilk bor tashkil etiladigan “Aral Ultra – 2026” uchun saralash bosqichi vazifasini bajardi. Bu esa sport turizmining geografiyasi kengayib, mamlakatning turli hududlari yagona sport yo‘nalishlari orqali o‘zaro bog‘lanayotganidan dalolat beradi.
“Zaamin Ultra – 2026”ning eng muhim xususiyatlaridan biri uning ekologik va ijtimoiy mazmunida namoyon bo‘ldi. “Avvalgidan tozaroq” tashabbusi doirasida tashkil etilgan plogging aksiyasi ishtirokchilarni nafaqat yugurishga, balki tabiatni asrashga ham chorladi.

Tadbirning maxsus mehmoni — plogging harakati asoschisi, shvetsiyalik ekolog Erik Alstrem ishtirokida o‘tkazilgan ekologik aksiyalar xalqaro hamkorlikning yana bir namunasiga aylandi. Yig‘ilgan plastik chiqindilar qayta ishlashga yo‘naltirildi. Ularning bir qismi kelgusida ekologik musobaqalar uchun medallar tayyorlashda ishlatiladi.
Tashkilotchilar tomonidan bir martalik plastik mahsulotlardan foydalanishni qisqartirish bo‘yicha amaliy choralar ham izchil davom ettirildi. Ultramarafon qatnashchilariga qayta foydalanish mumkin bo‘lgan silikon stakanlar tarqatildi, mehmonlarga shaxsiy termos va krujkalardan foydalanish tavsiya etildi.

Bu jihatlar Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 24-iyunda qabul qilingan “Turizm ob’ektlari hamda joylashtirish vositalarida atrof-muhitga salbiy ta’siri kamaytirilgan mahsulotlardan foydalanish va ekologik talablarga muvofiq ko‘rsatiladigan xizmatlarni rag‘batlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida belgilangan vazifalarning amaliy ijrosi sifatida namoyon bo‘ldi. Mazkur qarorda turizm sohasida ekologik yondashuvlarni kengaytirish, bir martalik plastik mahsulotlardan foydalanishni qisqartirish va “yashil turizm” tamoyillarini joriy etish ustuvor vazifa sifatida belgilangan bo‘lib, Zomindagi tajriba ushbu maqsadlarning hayotdagi ifodasi bo‘ldi.
Taqdirlash marosimida g‘olib va sovrindorlar e’tirof etildi.
2019-yildan buyon o‘tkazib kelinayotgan “Samarkand Marathon” xalqaro yugurishlar seriyasi bugun sport musobaqasi doirasidan chiqib, madaniy diplomatiya, ekologik ma’rifat va turizm taraqqiyotining ta’sirchan platformasiga aylanib bormoqda. “Sky Camp Bo‘stonliq”, “Zaamin Ultra”, “Aral Ultra” va “Samarkand Marathon” kabi yirik loyihalar mamlakatning turli hududlarini yagona sport xaritasida birlashtirmoqda.
Zominda o‘tgan ikki kun yana bir haqiqatni tasdiqladi: bugun sport faqat rekordlar maydoni emas. U insonni tabiatga yaqinlashtiradigan, hududlarning imkoniyatlarini ochadigan, ekologik mas’uliyatni kuchaytiradigan va odamlarni ezgu maqsadlar atrofida birlashtiradigan ulkan ijtimoiy harakatga aylanmoqda.
A. Qayumov, J. Yorbekov (surat), O‘zA muxbirlari