Yosh og‘ir atletikachilarimiz Akbar Jo‘rayev sport maktabida Osiyo chempionatiga tayyorlanmoqda
Joriy yilning 7-14-avgust kunlari poytaxtimizdagi “Olimpiya shaharchasi” sport majmuasida og‘ir atletika bo‘yicha o‘smirlar va yoshlar o‘rtasida Osiyo chempionati bahslari bo‘lib o‘tadi.
Mazkur nufuzli qit’a birinchiligida to‘liq tarkibda ishtirok etishga hozirlik ko‘rayotgan O‘zbekiston o‘smirlar va yoshlar terma jamoalari ayni paytda Bo‘stonliq tumani Soyliq qishlog‘ida joylashgan Akbar Jo‘rayev nomidagi sport maktabida so‘nggi o‘quv-mashg‘ulot yig‘inini olib bormoqda.
Kuni kecha sport vaziri o‘rinbosari, O‘zbekiston og‘ir atletika federatsiyasi raisining birinchi o‘rinbosari Sh.Mahmudov o‘quv-mashg‘ulot yig‘inida ishtirok etayotgan terma jamoa a’zolari va murabbiylar bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Muloqot davomida murabbiylar jamoaning Osiyo chempionatiga tayyorgarlik jarayoni, amalga oshirilayotgan mashg‘ulotlar hamda sportchilarning jismoniy va ruhiy holati tahlil qilindi.
Yilning eng muhim musobaqalaridan biri sanalgan Osiyo chempionatida 20 dan ortiq davlatdan yurtimizga keladigan 500 nafarga yaqin o‘smir va yosh sportchilar sovrinli o‘rinlarga da’vogarlik qilishini inobatga olib, chempionatda mamlakatimiz yosh og‘ir atletikachilari yuksak natijalar, yorqin g‘alabalarga erishishida avvalo, ruhiy muvozanatni mustahkamlash muhim omil ekanligi ta’kidlandi.
T. Ro‘ziyev, O‘zA