Ugom daryosining tabiiy gidrologik rejimi yanada yaxshilanadi
“Ugom daryosining tabiiy gidrologik rejimi va biologik xilma-xilligini yanada yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qarori qabul qilindi.
Qarorga ko‘ra, Ugom daryosi davlat gidrologik tabiat yodgorligi deb e’lon qilinadi.
2026-yil 1-iyundan daryoning sohil bo‘yi mintaqalari hamda suvni muhofaza qilish zonalarida tabiiy gidrologik tizim va ekologik muvozanatga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan har qanday qurilish, yer ishlari va sun’iy inshootlarni barpo etish qat’iyan man etiladi.
Bunda daryo havzasi va uning irmoqlari doirasida gidrotexnik, gidromeliorativ ishlar, bino va inshootlar, gidroenergetika, suvni tartibga solish va derivatsiya inshootlarini qurish to‘liq taqiqlanadi (faoliyat yuritayotgan gidroyenergetika ob’ektlarini rekonstruksiya qilish bundan mustasno).
Daryoning davlat gidrologik tabiat yodgorligi hududida qurilish ishlari uchun yer uchastkalari ajratilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
Ugom daryosining sohil bo‘yi mintaqalari va suvni muhofaza qilish zonalarida joylashgan ob’ektlarning atrof-muhitga salbiy ta’siri va ekologik talablarga muvofiqligini o‘rganish yuzasidan Hukumat komissiyasi tarkibi tasdiqlandi hamda uning asosiy vazifalari belgilandi.
Dildora DO‘SMATOVA, O‘zA