Faxriylarga ehtirom ko‘rsatildi
FOTOREPORTAJ
Mamlakatimizda 9-may — Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan urush va mehnat fronti faxriylari, nuroniy otaxonu onaxonlar holidan xabar olish, ularga e’tibor va g‘amxo‘rlik ko‘rsatish ezgu an’anaga aylangan.
Namangan shahrida ham nuroniylar qadrlanib, ularning hayot yo‘li va xizmatlari yuksak e’tirof etilmoqda. Jumladan, Ozod mahallasida istiqomat qilayotgan mehnat fronti faxriysi Jamilaxon aya Inomova, Bahor mahallasidan Abdullajon ota G‘aniyev, Alpomish mahallasida yashovchi, front ortida fidokorona mehnat qilgan 94 yoshli Hoshimjon ota Abdurasulov hamda Farovon mahallasida istiqomat qiluvchi, 100 yoshni qarshilagan mehnat faxriysi Otavali ota Xoldorov holidan xabar olindi.
[gallery-29200]
Muloqotlar davomida faxriylarning ko‘p yillik fidokorona mehnati va mamlakat taraqqiyotiga qo‘shgan hissasi alohida ta’kidlandi. Shuningdek, ularning salomatligi, yashash sharoiti va ehtiyojlari bilan yaqindan tanishildi. Samimiy suhbatlar bayramona ruhda davom etdi.
Bayram munosabati bilan nuroniylarga tabriknomalar va esdalik sovg‘alari topshirildi. Xonadonlarda yangragan kuy-qo‘shiq va raqslar barchaga ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishladi. Nuroniylar yurtimiz tinchligi va farovonligi uchun duo qildi.
Hotam MAMADALIEV (surat), O‘zA