Uch nafar tennischimiz Gruziya turnirida qatnashmoqda
Gruziyada tennis bo‘yicha erkaklar o‘rtasida M25 toifasiga kiruvchi “Kutaisi Open” xalqaro turnirida uch nafar vakilimiz – Denis Istomin, Sergey Fomin va Maksim Shin yakkalik hamda juftlik bellashuvlarida bosh sovrin uchun kortga chiqadi.
Aniqroq aytadigan bo‘lsak, musobaqaning juftlik bahslarida Sergey Fomin italiyalik sherigi Aleksandr Binda bilan tandemda neytral tennischi Yevgeniy Filippov va armanistonlik Daniil Sarkisyan duetiga qarshi kortga chiqadigan bo‘ldi. Tajribali tennischimiz Denis Istomin esa Maksim Shin bilan birgalikda ruminiyalik Lukash Gustin va qanadalik Nikolalon juftli bilan to‘qnash keladi.
Shuningdek, mukofot jamg‘armasi 30 ming AQSH dollarini tashkil etuvchi “Kutaisi Open” turnirida mamlakatimizning birinchi raqamli tennischisi Sergey Fomin va Maksim Shin yakkaliklar o‘rtasidagi ishtirokini asosiy to‘rning birinchi davrasidan boshlaydi.
Ularga ayni vaqtda davom etayotgan saralash bosqichida g‘olib bo‘lgan tennischilar raqiblik qiladi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA