Futbolchilarimiz Jahon chempionati yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi
Saudiya Arabistonida futbol bo‘yicha U17 yosh toifasida Osiyo kubogining ikkinchi tur uchrashuvlari o‘z yakuniga yetdi.
“D” guruhida O‘zbekiston U17 terma jamoasi Hindiston termasi bilan raqobatlashdi. Uchrashuvda vakillarimiz 3:0 hisobida g‘alaba qozondi. Natijada, futbolchilarimiz 3 ochkoga ega bo‘lib, chorak final va Jahon chempionati yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi.
Darvoqe, ushbu guruhda Avstraliya termasi ham ushbu yo‘llanmalarga ega chiqdi va 13-may kuni O‘zbekiston bilan guruh peshqadamligi uchun o‘zaro raqobatlashadi.

“C” guruhida Vetnam 1:4 hisobida Janubiy Koreyaga imkoniyatni boy berib qo‘ygan bo‘lsa, BAA – Yaman to‘qnashuvi 2:3 hisobida yakunlandi. Qayd etilgan ushbu natijalarga ko‘ra, Janubiy Koreya termasi 4 ochko bilan peshqadamga aylandi. Vetnam va Yaman 3 ochko bilan 2-3-o‘rinlarda qoldi. BAA esa bir ochko bilan so‘nggi o‘rinda turibdi.
Bu guruhdagi 3-tur o‘yinlari 13-may kuni bo‘lib o‘tadi. Unda Yaman va Janubiy Koreya, BAA hamda Vetnam o‘zaro to‘qnash keladi.
“A” guruhida Saudiya Arabistoni 2:0 hisobida Tailandni taslim etib, ochkolarini 6 taga yetkazgan holda peshqadam bo‘lib oldi. Myanma va Tojikiston bahsi 0:1 hisobida yakunlandi.
Natijada tojikistonlik futbolchilarning ham ochkolari 6 taga yetdi. Shu tariqa, bu ikki g‘olib jamoa chorak final va mundial yo‘llanmasini hal etdi. Tailand hamda Myanma esa ochkosiz 3-4 o‘rinda qoldi.
"B" guruhida esa Xitoy Yaponiyaga 1:2 hisobida yengildi. Qatar esa Indoneziya termasi ustidan 2:0 hisobida zafar quchdi. Natijalar yakuniga ko‘ra, Yaponiya 6 ochko to‘plab guruh peshqadami sifatida pley-off bosqichi hamda Jahon chempionatiga yo‘llanmani hal etdi.
Qatar va Indoneziya jamoalari 3 ochko bilan gollar nisbatiga ko‘ra 2-3 - o‘rindan joy oldi. Xitoy ochkosiz qolgan holda musobaqa bilan xayrlashdi.
12-may kuni bu guruhda Yaponiya – Indoneziya, Qatar – Xitoy terma jamoalari raqobatlashadi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA