Uch birlik — rag‘bat, imkoniyat va madadning kuchi
Prezident Shavkat Mirziyoyev Qashqadaryo viloyatining ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi muhokama qilingan yig‘ilishda “Bilimga — rag‘bat, mehnatga — imkoniyat, tashabbusga — madad” tamoyilini ilgari surdi.
Bu fikr bir qarashda iqtisodiy siyosatga oid ko‘rsatmadek tuyuladi. Aslida esa u ta’lim taraqqiyotining butun zanjirini — o‘qish, ishlash va yaratishni qamrab oladi va har bir bo‘g‘inni boshqasini to‘ldiruvchi yaxlit tizim sifatida ko‘rsatadi.
Bilimga — рағбат: o‘rganish rag‘bati
Ta’lim samaradorligi ko‘p jihatdan o‘rganuvchining ichki qiziqishiga bog‘liq. Bu qiziqish esa jamiyatning bilimga bo‘lgan munosabatidan oziqlanadi. Yoshlar zamonaviy kasb, xorijiy til va chuqur bilim egallash kelajakka qo‘yilgan ishonchli sarmoya ekanini ko‘rsa, o‘qishga intilish kuchayadi. Rag‘bat moddiy (grant, stipendiya, imtiyozli kredit) ham, ma’naviy (e’tirof, obro‘, kasbiy o‘sish yo‘li) ham bo‘lishi mumkin.
Pedagogik nuqtai nazardan bu tashqi motivatsiyani ichki rag‘batga aylantirish jarayonidir. Rag‘bat ko‘rgan o‘quvchi bilimni faqat imtihon uchun emas, hayot uchun o‘rganadi. Bunda o‘qituvchi shaxsining o‘rni alohida. Uning pedagogik mahorati, nutq madaniyati va o‘rganuvchi fikrini to‘g‘ri anglay olish qobiliyati (germenevtik kompetensiya) yoshda “men qila olaman” degan ishonchni shakllantiradi. Rag‘bat shu ishonchga suyangandagina samara beradi.
Yoshlarga qaratilgan davlat siyosati bu yondashuvning amaliy ifodasidir. Prezidentning 2026-yil 24-fevraldagi yoshlar bilan muloqotida yurtimizda 22 milliondan ziyod yoshlar borligi, ularda katta iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy kuch ko‘rish lozimligi ta’kidlandi. Yaratilgan imkoniyatlar natijasida yoshlarimiz jahon fan olimpiadalarida 66 ta oltin, 147 ta kumush va 221 ta bronza medalini qo‘lga kiritgani, 63 ta startap loyiha AQSH, Janubiy Koreya, Buyuk Britaniya va BAA bozoriga chiqqani qayd etildi. Bu raqamlar rag‘bat va imkoniyat birga ishlaganda qanday natija berishi haqida dalolat beradi.
Mehnatga — имконият: bilimning amaliy qiymati
Bilim amalda qo‘llanilmasa, qadrini yo‘qotadi. Halol va samarali mehnat qilishni istagan har bir fuqaroga munosib sharoit va ish o‘rinlari yaratish ta’lim tizimiga ikki xil ta’sir ko‘rsatadi. Birinchidan, diplom va ish o‘rtasidagi uzilish qisqaradi, o‘qish aniq maqsadga yo‘naladi. Ikkinchidan, ta’lim muassasalari ish beruvchilar bilan yaqin hamkorlikka undaladi: amaliyot, dual ta’lim, ishlab chiqarish bilan integratsiya shu mantiqning natijasi.
Qashqadaryo viloyati misolida bu yaqqol ko‘rinadi. 2026-yil 10-martdagi yig‘ilishda viloyatda 2026-yilda ishsizlikni 3,2 foizga, kambag‘allikni 3 foizga tushirishga qaratilgan maqsadlar belgilandi. Shuningdek, 2026-yilda 3000 nafar, 2027-yilda 5000 nafar yoshni Germaniyaga ishga yo‘naltirish va ularni o‘qitish uchun Qarshi shahrida Ta’lim va texnologiyalar markazi ochish rejalashtirilgani ma’lum qilindi. Demak, imkoniyat ta’limdan boshlanadi: kasb va til o‘rgatiladi, shundan keyin ishga yo‘l ochiladi.
Muhandislik-texnik ta’limda bu tamoyil ayniqsa dolzarb. Yig‘ilishda viloyat uchun eng og‘ir masalalardan biri suv ta’minoti ekani qayd etildi. Irrigatsiya, suv xo‘jaligi va qishloq xo‘jaligi mexanizatsiyasi sohalarida tayyorlanadigan mutaxassislar aynan shu muammolarni hal etadigan kadrlardir. Ular uchun ishlab chiqarish bilan bog‘langan ta’lim va real loyihalarda ishtirok etish imkoniyati malaka shakllanishining asosiy sharti hisoblanadi.
Tashabbusga — madad: yaratuvchanlikka yo‘l
Uchinchi birlik — eng yuqori bosqich, ya’ni yaratuvchanlik. Bilimli va mehnatsevar inson o‘z g‘oyasi bilan chiqqanda unga hokimliklar va banklar tomonidan moliyaviy hamda tashkiliy ko‘mak berilishi shart. Aks holda eng yaxshi g‘oyalar ham qog‘ozda qolib ketadi. Bu tamoyil ta’limda startap, innovatsion loyiha va ilmiy ishlanmalarni tijoratlashtirishga yo‘l ochadi.
Prezident Qashqadaryo viloyatiga bag‘ishlangan yig‘ilishlardan birida Kitob tumanidagi tadbirkorning IT-klaster va universitet ochish tashabbusini ma’qullagani ham shu tamoyilning amaldagi ifodasidir. Talaba yoki yosh olim o‘z ishlanmasi biznes loyihaga aylanishi mumkinligini ko‘rsa, ta’limni ijodiy jarayon sifatida qabul qiladi va o‘z bilimiga yanada mas’uliyat bilan yondashadi.
Nega aynan “uch birlik”?
Bu uch tamoyilning kuchi ularning alohida emas, birga ishlashidadir. Rag‘batsiz bilim susayadi, imkoniyatsiz bilim bekor ketadi, madadsiz tashabbus so‘nadi. Rag‘bat o‘qishga, imkoniyat ishga, madad yaratishga yo‘l ochadi va uch bo‘g‘in bir-birini ta’minlaydi. Bu mantiq pedagogikadagi motivatsiya, amaliy faoliyat va ijodiy rivojlanish bosqichlariga to‘la mos keladi.
Ta’lim taraqqiyotiga ta’siri
Birinchidan, yondashuv ta’lim sifatini baholashda yangi mezon beradi: bitiruvchining ish topa olishi va o‘z ishini boshlay olishi. Ikkinchidan, u o‘qituvchining rolini o‘zgartiradi. Zamonaviy pedagog shunchaki bilim beruvchi emas, o‘rganuvchini yo‘naltiruvchi va uning tashabbusini qo‘llab-quvvatlovchi murabbiydir. Uchinchidan, oliy ta’lim muassasalari ish beruvchilar, banklar va mahalliy hokimiyatlar bilan hamkorlikda ishlashga, ya’ni “ta’lim — ishlab chiqarish — moliya” zanjirini shakllantirishga rag‘batlanadi.
Xulosa qilib aytganda, “rag‘bat — imkoniyat — madad” tizimi ta’limni jamiyat taraqqiyotining harakatlantiruvchi kuchi darajasiga ko‘taradi. Uni amalda ro‘yobga chiqarish davlat, ta’lim muassasalari, tadbirkorlar va oilalarning hamkorligiga bog‘liq. Har birimiz o‘z o‘rnimizda o‘quvchiga rag‘bat, ishchiga imkoniyat, tashabbuskorga madad bera olsak, bu g‘oya hayotga to‘la tatbiq etiladi.
Раҳимбой Jumaniyozov,
"ТИҚХММИ" Milliy tadqiqot universitetining professori.
O‘zA