Turon sadolari Farg‘onada yangradi
Farg‘ona viloyatida Islom Karimov nomidagi Teatr va konsert saroyida “Vodiydan Turon sadosi” xalqaro gala-konserti bo‘lib o‘tdi. Tadbirni Farg‘ona viloyati hokimi o‘rinbosari Xurshidjon Ahmedov ochib berdi.
Turkiy xalqlarning boy madaniy merosi, milliy san’ati va umumiy qadriyatlarini tarannum etgan mazkur yirik madaniy tadbir O‘zbekiston, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkmaniston va Turkiyadan tashrif buyurgan san’atkorlar, folklor jamoalari hamda raqs ansambllarini bir sahnada jamladi.
Tadbir boshlanishidan avval TURKSOY Bosh kotibi o‘rinbosari Sait Yusuf ishtirokchilar va mehmonlarga murojaat qilib, barchani turkiy dunyo madaniy hayotidagi muhim voqealardan biri bo‘lgan “Vodiydan Turon sadosi” xalqaro gala-konserti bilan qutladi. U o‘z nutqida turkiy xalqlarni birlashtirib turgan mushtarak tarix, til va madaniyat xalqlar o‘rtasidagi do‘stlikni mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidlab, bunday madaniy loyihalar hamjihatlik va o‘zaro hamkorlikni yanada rivojlantirishga xizmat qilishini qayd etdi.

Gala-konsert Botir Ergashevning “Turkiylar” she’ri asosida tayyorlangan badiiy chorlov bilan boshlandi. Aktyor Hamza Hasanov va aktrisa Gulasal Rahmonovaning ta’sirchan ijrosida yangragan ushbu chiqish tomoshabinlarni bayramona muhitga chorladi. Shundan so‘ng turkiy davlatlar folklor va raqs ansambllari ishtirokida namoyish etilgan “Bayramona” xoreografik-musiqiy kompozitsiyasi kechaga o‘ziga xos tantanavor ruh bag‘ishladi.
Konsert dasturiga Markaziy Osiyo respublikalari san’atkorlarining chiqishlari fayz kiritdi.

Gala-konsert yakunida turkiy davlatlar vakillari ishtirokida “Turkiylar” qo‘shig‘i ijro etildi. Ilkin Davlatov, Fotima Sultanova, Aynur Nurashova, Nurjan Jusupbekov, Nilgun Kizilji, Baxtiyor Ro‘ziyev va Fazilat Ahmedova ishtirokidagi ushbu final kompozitsiyasi turkiy xalqlarning birligi, hamjihatligi va madaniy mushtarakligini tarannum etdi.
Barcha ishtirokchi san’atkorlar va folklor-raqs jamoalarining bir sahnada jam bo‘lishi kechaning eng ta’sirli va unutilmas lahzalaridan biri bo‘ldi.
Muhammadjon Obidov, O‘zA