Paxta tolasi savdosi bilan bog‘liq yirik qonunbuzilish holati fosh etildi
Sirdaryo viloyatida paxta tolasi savdosi bilan bog‘liq yirik qonunbuzilish holati fosh etildi.
Raqobat qo‘mitasining viloyat hududiy boshqarmasi tomonidan olib borilgan o‘rganishlar davomida “WHITE GOLD KLASTER” MCHJ tomonidan katta hajmdagi mahsulot belgilangan tartibga zid ravishda sotilgani ma’lum bo‘ldi.
Aniqlanishicha, korxona 5 ming tonnadan ortiq paxta tolasini birja savdolarisiz, to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar asosida realizatsiya qilgan. Ushbu bitimlar qiymati esa 104 milliard so‘mdan oshib ketgan. Amaldagi tartibga ko‘ra, yuqori likvidli va monopol turdagi mahsulotlar ochiq birja savdolari orqali sotilishi shart hisoblanadi.
Mutaxassislar tahliliga ko‘ra, mazkur mahsulotlar birjada shakllangan o‘rtacha kotirovka narxlaridan yuqori baholarda sotilgan. Natijada korxona 700 million so‘mdan ortiq miqdorda asossiz daromad olgan.

Mazkur holat Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 18-martdagi 170-sonli qarori bilan tasdiqlangan Nizom hamda “Raqobat to‘g‘risida”gi qonun talablariga zid deb baholandi. Shu asosda Raqobat qo‘mitasining hududiy maxsus komissiyasi tomonidan korxonaga nisbatan ish qo‘zg‘atilib, belgilangan tartibda moliyaviy jarima qo‘llanildi.
Shu bilan birga, qonunbuzilish oqibatlarini bartaraf etish va kelgusida bunday holatlarga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha korxonaga majburiy ko‘rsatmalar berilgan.
Bunday nazorat tadbirlari ichki bozorda shaffoflikni ta’minlash, raqobat muhitini saqlash va narxlar sun’iy oshirilishining oldini olishda muhim ahamiyatga ega.
N.Rahmonova, O‘zA