Turkiya: maktab yonidagi otishmada 11 o‘quvchi yaralandi
Turkiyaning Manisa viloyatida maktab yonida otishma sodir bo‘lib, 11 o‘quvchi yaralandi. Ulardan ikki nafari og‘ir ahvolda, hujumda gumon qilingan o‘smirni politsiya ushlagan.
Voqea Turgutlu shahrida mahalliy vaqt bilan soat 08:00 atrofida yuz bergan. Adliya vaziri Akin Gyurlek ma’lum qilishicha, gumonlanuvchining ota-onasi va bobosi ham tergov doirasida hibsga olingan. Hodisa joyiga politsiya va tez tibbiy yordam xodimlari yetib kelgan, maktabda dars bir kunga to‘xtatilgan. Huquq-tartibot idoralari qurol o‘smir qo‘liga qanday tushgani, aslahani saqlash va nazorat qilish sharoiti, shuningdek hujumdan oldin maktabda ta’qib bo‘lgani haqidagi ma’lumotni tekshirmoqda.
Ushbu hodisa Turkiyada maktab xavfsizligi kuchaytirilgan bir paytda sodir bo‘ldi. Mamlakatda 2026-2027 o‘quv yili boshlanishi arafasida maktablarda xavfsizlik choralari bo‘yicha yangi protokol imzolangan, 31 000 nafar maktab nazoratchisi ishga jalb etilgan va xavf darajasi yuqori ta’lim muassasalariga politsiya xodimlari biriktirilgan edi. Bungacha aprel oyida mamlakat janubidagi ikki maktabda ketma-ket qurolli hujum sodir bo‘lib, birida o‘qituvchi va 10-11 yoshli to‘qqiz o‘quvchi halok bo‘lgan, ikkinchisida 16 kishi yaralangan.
Musulmon Ziyo, O‘zA