Turkiy xalqlar muzeyshunoslari Andijonda
Andijonda TURKSOY V Turkiy dunyo muzeylari uchrashuvi hamda “Turkiy dunyoda milliy liboslar: tarix, o‘zlik va madaniy meros” mavzusida ilmiy anjuman bo‘lib o‘tdi.
Andijon – turkiy dunyo madaniyat poytaxti maqomi doirasida Xalqaro turkiy madaniyat tashkiloti – TURKSOY, O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, Madaniy meros agentligi hamda Andijon viloyati hokimligi hamkorligida Andijon davlat tibbiyot institutida o‘tkazilgan turkiy dunyo muzeylari uchrashuvida Turksoy muzeylar birlashmasi vakillari, Madaniyat vazirligi, Madaniy meros agentligi, viloyat hokimligi mutasaddilari, TURKSOYga a’zo davlatlar muzeylari rahbarlari, tarixchi, muzeyshunos olimlar, ijodkorlar, keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Dastlab ishtirokchi va mehmonlar tadbir doirasida tashkil etilgan milliy liboslar, hunarmandchilik mahsulotlari ko‘rgazmasini ko‘zdan kechirdi. Shundan so‘ng V Turkiy dunyo muzeylari uchrashuvi boshlandi. Tadbirda dastlab, TURKSOY hamda Turksoy muzeylar birlashmasi faoliyatiga bag‘ishlangan videorolik namoyish etildi.
[gallery-32039]
Anjuman ochilishida so‘z olgan Andijon viloyati hokimligi kotibiyat mudiri Elyorbek Xolmirzayev, Madaniy meros agentligi Muzeylar boshqarmasi vakili Dilobar Mirhusanova, TURKSOY muzeylar birlashmasining 2026-yildagi raisi, O‘zbekiston tarixi davlat muzeyi direktori, professor Jannat Ismoilova, TURKSOY bosh kotibi Sultan Rayev tomonidan Xalqaro turkiy madaniyat tashkiloti tomonidan Andijon shahri 2026-yilda turkiy dunyoning madaniyat poytaxti deb e’lon qilinganligi, ana shu maqom doirasida o‘tkazilayotgan tadbirlar Andijonning nufuzini yanada oshirishga, turkiy xalqlar ijodkorlari, madaniyat ahlini bir-biriga yanada yaqinlashtirishga, o‘zaro tajriba almashish, ilmiy-ijodiy muloqot maydoniga aylanganligi ta’kidlandi.
– 2022-yilda tashkil etilgan TURKSOY Muzeylar birlashmasiga hozirga qadar turkiy davlatlardagi 80 dan ortiq muzeylar a’zo bo‘lgan, – deydi O‘zbekiston tarixi davlat muzeyi direktori, professor Jannatxon Ismoilova. – Uyushmaning asosiy maqsadi, turkiy xalqlarning umumiy tarixi, madaniy merosi, milliy qadriyatlarini asrab-avaylash, rivojlantirish, o‘zaro hamkorlikni yanada mustahkamlashga qaratilgan. Ushbu hamkorlik, shubhasiz, xalqlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik, birodarlik rishtalarini, ilmiy aloqalarni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
Tadbirda TURKSOY bosh kotibi Sulton Rayev O‘zbekiston tarixi davlat muzeyi direktori Jannat Ismoilova hamda Gagauziya tarix va etnografiya milliy muzeyi direktori Lyudmila Maringa turkiy xalqlar madaniyati, san’ati va ilmiy sohalari rivojiga qo‘shgan katta hissasi uchun TURKSOY medalini tantanali ravishda topshirdi.
Shuningdek, tadbirda yurtimizdagi bir qator muzeylar, xususan, O‘zbekiston Davlat geologiya muzeyi, Andijon, Namangan, Farg‘ona viloyatlari tarixi va madaniyati davlat muzeylari, Qoraqalpog‘iston, Qo‘qon, Samarqand, Buxoro davlat muzey-qo‘riqxonalari hamda Olimpiya shon-shuhrati muzeyiga TURKSOY Muzeylar birlashmasiga a’zo sifatida qabul qilinganligi haqida sertifikatlar topshirildi.
Shundan so‘ng “Turkiy dunyoda milliy liboslar: tarix, o‘zlik va madaniy meros” mavzusida ilmiy anjuman o‘z ishini boshladi.
Anjumanning birinchi sho‘’basi yig‘ilishini TURKSOY Muzeylar birlashmasi rahbari, doktor Barish Javid Mavsumli olib bordi.
Anjumanda O‘zbekiston tarixi davlat muzeyi direktori, professor Jannat Ismoilova, Ozarbayjon tarixi davlat milliy muzeyi vakili, professor Ayten Ahmedova, Turkiya Madaniy meros va muzeylar boshqarmasi vakili Ali Haydar Atalar, Qirg‘iziston tarixi milliy muzeyi vakili, doktor Nazira Muminbayevaning o‘zbek, ozarbayjon, turk va qirg‘iz xalqlarining milliy liboslari, bosh kiyimlari, ularning tarixi va buguni haqidagi ma’ruzalari tinglandi.
Umuman, beshta sho‘’ba doirasida navbatma-navbat o‘tkazilgan anjuman yig‘ilishlarida O‘zbekiston, Qirg‘iziston, Turkiya, Qozog‘iston, Turkmaniston, Moldova, Ozarbayjon Respublikalaridagi muzeylar vakillari, muzeyshunos olimlar o‘zlarining ma’ruza va taqdimotlari bilan ishtirok etdi.
Ma’ruza va taqdimotlarda muzeylar faoliyatini yanada yuqori bosqichga ko‘tarish, milliy va tarixiy qadriyatlarni asrab-avaylash, rivojlantirish, ilmiy-tadqiqotlar olib borish, o‘zaro tajriba almashish, ilg‘or tajribalarni ommalashtirish, turkiy dunyo muzeylari hamkorligini yanada mustahkamlash, hamkorlik istiqbollari masalalari atroflicha muhokama qilindi.
Faxriddin Ubaydullayev,
Zuhriddin Umrzoqov (foto),
O‘zA muxbirlari